Xitoy va Markaziy Osiyo shaharlarida zamonaviy karvonsaroylar qurish taklif qilindi
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasida Xitoyning BES Cultural Tourism Group kompaniyasi vakillari bilan turizm sohasi investitsion salohiyatiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Qo‘mita raisi v.b.Abdulaziz Aqqulov boshchiligida kechgan uchrashuvda Xitoy kompaniyasi bosh direktori turistik sohaning ustuvor yo‘nalishlariga sarmoya kiritishga qiziqish bildirdi. Xususan, xitoyliklar «Buyuk Ipak yo‘li turistik koridori bo‘ylab karvonsaroylar» qurish loyihasiga investitsiya kiritish taklifi bilan chiqishdi.
Ushbu me'moriy-qurilish loyihasi Xitoy va Markaziy Osiyo shaharlarida turistik nuqtalar (jami 30 ta) qurilishini hamda hamkorlikda investitsiya fondi yaratilishini ko‘zda tutadi.
Uchrashuv davomida Xitoy vakillariga O‘zbekistonning turistik sohada olib borilayotgan ishlari, yaratilayotgan imtiyozlar, subsidiya va preferensiyalar, xorij fuqarolari uchun viza rejimi, mamlakatga tashrif buyurayotgan sayyohlar statistikasi bo‘yicha ma'lumotlar taqdim etildi.
BES Cultural Tourism Group kompaniyasi vakillari Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan muzokaralarni davom ettirish va Anglashuv memorandumini imzolash istagini bildirishdi, shuningdek Qo‘mita xodimlarini 10-12 sentabr kunlari XXRning Tsian shahrida bo‘lib o‘tadigan Xalqaro iqtisodiy forumga taklif qilishdi.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakillari, o‘z o‘rnida, xitoyliklarni 29-30 avgustda Jizzax shahrida o‘tkaziladigan Xalqaro investitsiya forumiga taklif qilishdi.
Shuningdek, BES Cultural Tourism Group kompaniyasi bosh direktori boshchiligidagi delegatsiya Samarqand viloyati hokimligi vakillari bilan ham uchrashishdi. Unda mehmonlar sayyohlar uchun barcha qulayliklarga ega zamonaviy karvonsaroylar qurishga doir tashabbusni ilgari surishdi. Samarqanddagi zamonaviy karvonsaroylarda restoranlar, mehmonxonalar, savdo va suvenir do‘konlari hamda axborot kiosklari joylashgan bo‘ladi. Mazkur loyihani amalga oshirish uchun Xitoy tomon Samarqandga 100 million dollar sarmoya kiritishga tayyor ekanini bildirdi.
Bundan tashqari, tomonlar ta'lim sohasida hamkorlik istiqbollarini ham muhokama qilishdi.
Ma'lumot uchun: BES Cultural Tourism Group kompaniyasiga 2003 yilda asos solingan. Kompaniya turizm sohasiga ixtisoslashgan va Xitoyning qishloq joylarda turizmni targ‘ib qilish, madaniy merosni saqlash, sport turizmini rivojlantirish kabi loyihalarda ishtirok etadi.
Mavzuga oid
19:51 / 24.04.2023
O‘zbekiston eksportida Rossiya birinchi o‘ringa ko‘tarildi
15:51 / 24.04.2023
O‘zbekiston Xitoydan 2 mlrd dollarlik mahsulotlar sotib oldi
13:48 / 23.04.2023
Xitoyning Fransiyadagi elchisi Qrim statusi va sobiq SSSR davlatlari suverenitetini shubha ostiga oldi
11:25 / 21.04.2023