Naked Science xabariga koʻra, tadqiqot Nature Energy jurnalida eʼlon qilingan. Olimlar perovskit plyonkalari yuzasini tekislash va ular tarkibidagi galogenidlarning bir xil taqsimlanishini taʼminlashga qaratilgan texnologiya ishlab chiqqan.

Perovskitlar quyosh nurini elektr energiyasiga aylantirishda istiqbolli materiallar hisoblanadi. Ularni bir necha qatlamga birlashtirish orqali quyosh nurlanishi spektrining turli qismlaridan samaraliroq foydalanish mumkin.

Materialdagi asosiy muammo qanday hal qilindi?

Yuqori energiyali nurlanishni yutish uchun moʻljallangan perovskit plyonkalari tarkibida brom miqdori koʻp boʻladi. Biroq bunday materialni tayyorlashda uning ustki qismi pastki qismidan avval qurib, kristallanishi mumkin.

Natijada hali nam ichki qatlam ustida qattiq qobiq paydo boʻladi. Bu plyonkada burmalar va yoriqlar hosil boʻlishiga, kimyoviy tarkibiy qismlarning notekis taqsimlanishiga olib keladi. Bunday nuqsonlar energiya va kuchlanish yoʻqotishlarini oshiradi.

Tadqiqotchilar muammoni ikki bosqichli ishlov berish orqali hal qilgan. Maxsus erituvchi bilan ishlov berish materialning ustki qatlamini tekislagan, oz miqdorda qoʻshilgan oleilammoniy xloridi esa brom va yodli tarkibiy qismlarning bir vaqtda kristallanishiga yordam bergan.

Shu tariqa, yuzaning muddatidan oldin qotishi cheklanib, butun qalinligi boʻylab bir xil tuzilishga ega silliq plyonka olingan.

Uch qatlam quyosh nurining turli qismlarini yutadi

Yaratilgan quyosh elementi bir-biriga ulangan uchta yorugʻlik yutuvchi qatlamdan iborat. Har bir qatlam quyosh spektrining muayyan qismini oʻzlashtirishga moʻljallangan.

Yuqori qatlam yuqori energiyali nurlanishni, oʻrta qatlam spektrning boshqa qismini, pastki qatlam esa yaqin infraqizil nurlanishni yutadi. Ularning birgalikda ishlashi quyosh energiyasini elektrga aylantirish samaradorligini oshiradi.

Tadqiqotda ushbu toʻliq perovskitli uch oʻtishli tuzilma uchun 30,1 foizlik rekord natija qayd etilgan. Mustaqil tekshiruvda tasdiqlangan koʻrsatkich 29,3 foizni tashkil qilgan.

569 soatlik sinovda barqarorlik saqlangan