Rasul Kusherbayev: «Kelmay, ko‘rmay, bilmay turib deputatlarni «soqov» deyish qo‘pol haqoratdir»
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev o‘z telegram kanalida navbatdagi xabar qoldirdi. Unda u avtomobillar oynalarini parda bilan to‘sishga ruxsat berish bo‘yicha tashabbus yuzasidan bildirilgan fikrlarga javob qaytargan.
«Deputat darajasida ko‘tarilishi kerak bo‘lgan masalalar ko‘p. Va odamlarni qiynayotgan ayrim masalalarni ko‘tarib chiqsak, ba'zi “daho”lar strategik ahamiyatga ega katta muammolar turganda deputat bunday kichik ishlar bilan shug‘ullanmasligi lozim, degan fikrlarni ham bildirishmoqda. Bu gap bir jihatdan to‘g‘ri.
Biroq, bugun odamlar o‘z vakilidan o‘zini o‘ylantirayotgan masala kattami-kichikmi farqi yo‘q, e'tibor qaratib hal etishni talab qilmoqda, ularga “bu mening darajamga to‘g‘ri kelmaydi, men strategik muammolar bilan ishlayman, mayda ishlar bilan vaqtimni olmang”, deb bo‘lmaydi. Unda oyoq yerdan uzilgan bo‘ladi. Komil ishonch bilan aytamanki, deputat ana shuning uchun ham deputat. Odamlar uning kuchli yuristligi, iqtisodchiligi, badavlatligi yoki chiroyiga qarab emas, o‘zlariga ma'qul insoniy sifatlariga qarab tanlashadi va ishonishadi.
Saylovchilar tomonidan bo‘layotgan ko‘plab murojaat va aholi vakillarining OAV, internet tarmoqlaridagi chaqiriqlaridan kelib chiqib, biz ham kuni kecha bir guruh hamkasblar bilan olib borgan o‘rganish va tahlil asosida quyosh nurlaridan saqlanish maqsadida yengil avtomobillarning orqa va yon oynalari, shu jumladan oldi yon oynasi uchun pardalar taqib yurishga qonuniy ruxsat berish va jarima qo‘llamaslik masalasi bo‘yicha taklif bilan chiqqan edik. Bilmadim, balki bu mayda masaladir, lekin bugun ko‘pchilikni bezovta qilayotgan muammo.
Taklifimiz mas'ullar tomonidan e'tiborsiz qolmasin, masala jamoatchilik diqqat markazida tursin va ta'siri bo‘lsin, degan niyatda bu haqda ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarimiz orqali ma'lumot joylashtirgandik. Maqsad ba'zi birovlar aytganidek “chala deputat” bo‘lsak-da “achko” olish uchun qilingani yo‘q, takror aytamanki, bu jamoatchilik e'tibori va bosimi ostida muammo bo‘yicha ijobiy natijaga erishish uchun. Chunki bizni odamlar qo‘llamasa ishda samara bo‘lishi qiyin.
Yana bir gap: biz masalani qo‘yganda avtomobilning faqat orqa va orqa yon oynasiga emas, orqa va yon oylariga ruxsat berish haqida gapirmoqdamiz. Ya'ni old oynadan (lobovoy) tashqari barcha oynalarga. Afsuski, milliy qonunchilikda “haydovchining o‘rnidan tevarak-atrof” tushunchasiga tarif berilmaganligi va davlatlararo standartga IIB xodimlari rioya etmay, jarima qo‘llayotgani bu masalaga aniq yechim topish kerakligini ko‘rsatmoqda. Taklifimizni talqin qilishda shunga e'tibor berish zarur.
Shu bilan birga, agar kimlarningdir “zakaz”iga ishlamayotgan bo‘lsalar, hurmatli ayrim foydalanuvchilardan odamlarning fikri va xoxishini inobatga olib, muammoni yechish niyatida qilayotgan ishlarimiz uchun bizlarni haqorat va masxara qilishdan o‘zlarini tiyishlarini so‘rab qolardik. Odamlarning yonini olayotganimiz uchun javobiga bunday haqoratlar uyushtirilishi takliflarimiz o‘tishini istamagan ayrimlar uchun bizning ixlos va g‘ayratimizni qaytarish uchun asos bo‘lib qolmoqda. Shuni tushunish kerak.
Keyin kelmay, ko‘rmay, bilmay turib deputatlarni “soqov” deyish haqiqatdan yiroq qo‘pol haqoratdir”, - deb yozadi Rasul Kusherbayev.
Mavzuga oid
15:34 / 20.10.2024
Rossiyalik deputat O‘zbekiston fuqarolariga viza rejimini joriy etishga chaqirdi. Jamoatchilik bunga javob qaytardi
12:54 / 05.10.2024
Hindistonlik erkak noodatiy avtomobillar kolleksiyasi bilan Ginnesning rekordlar kitobiga kirdi
20:54 / 23.01.2024
“Orqasida amaldorlar turgan bo‘ladi” - Kusherbayev tabiatni pullayotgan tadbirkorlar haqida
14:51 / 26.12.2023