Jahon | 10:54 / 22.07.2019
36603
2 daqiqa o‘qiladi

To‘qayev Qozog‘iston prezidentligi uchun Nazarboyev o‘rnini almashtirishga darhol rozi bo‘lmaganini aytdi

Foto: AP

«O‘z imkoniyatlariga mutlaq hushyor baho bergani»ni ta'kidlagan Qozog‘iston prezidenti Qosim Jo‘mart To‘qayev avvaliga davlat rahbarligi mansabini egallash taklifini qabul qilishdan bosh tortgani, biroq bu lavozimga ilgari surish jarayoni bir necha yil davom etganini so‘zlab bergan.

Prezidentning bu so‘zlari Aleksey Pivovarovning Qozog‘istonning «31-kanal» efirida yakshanba kuni uzatilgan «Prezident 2.0» filmidagi intervyusi chog‘ida yangragan.

«Nimani ham yashirardim? Birinchi marta men rad etmagan bo‘lsam ham, bosh tortdim, — deb hikoya qilgan To‘qayev. — Tabiiyki, bu mavzudagi suhbatlar bir kun, bir hafta, bir oy, hattoki bir yil davom etmagan. Men o‘z imkoniyatlarimga mutlaq hushyor baho berardim, butun bir davlat, hududi bo‘yicha jahonda to‘qqizinchi o‘rindagi, aytish mumkin bo‘lsa, Yevroosiyoning qoq yuragida joylashgan mamlakat prezidentligi naqadar og‘ir yuk ekanligini tushunardim».

2019 yilning 19 martida Qozog‘istonning birinchi prezidenti 78 yoshli Nursulton Nazarboyev davlat rahbarligini o‘zidan soqit qildi. Ertasi kuni Senatning sobiq rahbari 65 yoshli To‘qayev qasamyod qabul qilib, mamlakat prezidentligiga kirishdi. 9 iyun kuni o‘tkazilgan navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarida esa To‘qayev qariyb 71 foiz ovoz to‘plab g‘alaba qozondi. 12 iyul kuni uning inauguratsiyasi o‘tkazildi.

Mavzuga oid