DW xabariga köra, Mers 29-sentabr kuni jurnalistlar savollariga javob berar ekan, Ukrainaga kömakni kuçaytiriş böyiça Yevropa hamkorlari bilan jadal maslahatlaşuvlar olib borilayotganini aytgan.

Uning sözlariga köra, muhokamalar 15–16-oktabr kunlari Bryusselda ötkaziladigan Yevropa kengaşi yiğilişiga tayyorgarlik doirasida keçmoqda. Asosiy eʼtibor Ukraina byudjetiga yordam va havo hujumidan mudofaa tizimlariga qaratilgan.

Mers havo mudofaasini Ukraina mudofaasining «eng zaif nuqtasi» deb atagan. Avvalroq Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy harbiy xarajatlar uçun qariyb 27 milliard dollar yetişmayotganini bildirgan edi.

Kansler Kiyevga havo mudofaa vositalarini yetkazib beriş masalasida jahon yetakçilari bilan şaxsan muzokara olib borayotganini aytgan. Şuningdek, u Rossiyaning fuqarolik infratuzilmasiga zarbalari davom etişi ehtimoli şaroitida Ukraina energiya taʼminotini qişga tayyorlaşga umid bildirgan.

«Bular har kuni sodir etilayotgan harbiy jinoyatlardir», - degan Mers Rossiya hujumlari haqida.

Kansler Töqayev bilan Rossiyaning Ukrainaga qarşi uruşi batafsil muhokama qilinganini bildirgan. U Qozoğiston rahbariga Vladimir Putin bilan uruşni tugatiş haqida gaplaşgani uçun minnatdorlik bildirib, Germaniya Kiyevni qöllab-quvvatlaşni, jumladan, diplomatik saʼy-harakatlarni davom ettirişini taʼkidlagan.

Şu munosabat bilan Mers Germaniya taşqi işlar vaziri Yohann Vadefulning Nyu-Yorkda Rossiya taşqi işlar vaziri Sergey Lavrov bilan yaqinda ötkazgan uçraşuvini tilga olgan. Kanslerning fikriça, Rossiyaning uçraşuvga munosabati Moskva hozirça «jiddiy muzokaralar»dan manfaatdor emasligini körsatgan.

Töqayev esa Putin bilan «juda yaxşi munosabatlar»ga ega ekanini aytib, Ukrainadagi uruş yuzasidan fikrlarini tinglagani uçun unga minnatdorlik bildirgan.

Qozoğiston prezidenti uruşning darhol töxtaşini kutmayotganini, ammo uni «muzlatiş»ni mojaroga barham beriş va diplomatiyaga ötiş yölidagi birinçi qadam deb bilişini aytgan. U yozda ham şunday taklifni ilgari surgan edi.

Töqayev Qozoğiston boşidanoq BMT nizomiga, jumladan, barça davlatlarning hududiy yaxlitligi tamoyiliga sodiqligini bildirib kelayotganini taʼkidlagan. Bu pozitsiya uning Germaniya prezidenti Frank-Valter Ştaynmayer bilan uçraşuvi yakunidagi qöşma bayonotda ham qayd etilgan.

Töqayevning Germaniyaga ikki kunlik rasmiy taşrifida asosiy mavzu iqtisodiy aloqalarni rivojlantiriş bölgan. Bu masala Germaniya–Qozoğiston iqtisodiy forumida ham muhokama qilingan.

DW maʼlumotiga köra, Qozoğiston Norvegiya, AQŞ va Liviyadan keyin Germaniyaga neft yetkazib beruvçi törtinçi yirik davlat hisoblanadi. Ikki mamlakat örtasidagi savdo aylanmasi sönggi tört yilda qariyb ikki baravar oşib, 8 milliard yevroga yetgan.