Ukrainada oliy radaga muddatdan avvalgi saylovlarning ilk dastlabki natijalari e'lon qilindi. Ularga ko‘ra, parlamentga 5 ta partiya o‘tmoqda.
Eng ko‘p ovozni amaldagi prezident Vladimir Zelenskiyning siyosiy partiyasi “Sluga naroda” to‘pladi. Unga saylovchilarning 43 foizdan ko‘prog‘i ovoz bergan.
2-o‘rinni Viktor Medvedchukning “Muxolif platforma – Hayot uchun” partiyasi 11,5 foiz ovoz bilan egallagan. Sobiq prezident Pyotr Poroshenkoning “Yevropacha birdamlik” partiyasi 8,9 foiz ovoz bilan 3-o‘rinni, sobiq bosh vazir Yuliya Timoshenkoning “Batkivshina”si 7,6 foiz ovoz bilan 4-o‘rinni va “Okean Elzy” musiqiy guruhi yetakchisi Svyatoslav Vakarchukning “Ovoz” partiyasi 6,3 foiz ovoz bilan 5-o‘rinni egallagan.
Oliy radaga 225 deputat partiya ro‘yxatlari bo‘yicha, yana 225 deputat bir mandatli okruglar bo‘yicha saylanadi. Yetakchi partiya parlamentda ko‘pchilik o‘rinni egallasa, bosh vazirni tayinlashi va hukumatni shakllantirishi mumkin bo‘ladi. Aks holda koalitsiya shakllantirishga to‘g‘ri keladi.











