DW nashri mahalliy rasmiylar, favqulodda vaziyatlar xizmati va OAVga tayanib xabar berishicha, Kiyevning Obolon tumanida dron omborxonalarga urilgan. Goloseyevo tumanida esa uchuvchisiz apparat parchalari yoʻl yaqinidagi ochiq hududga tushib, daraxtlar yonishiga sabab boʻlgan.

Axborot agentliklari maʼlumotiga koʻra, Solomenka tumanida Rossiya droni koʻp qavatli turarjoyga urilgan. Eng katta zarar binoning birinchi qavatidagi kafega yetgan. Portlash toʻlqini va parchalar atrofdagi boshqa muassasalar, xonadonlar derazalari hamda toʻxtab turgan avtomobillarni ham shikastlagan.

Odessada dron biznes-markazga urilgani xabar qilingan.

Kiyev viloyatining besh tumanida ham hujum oqibatlari qayd etilgan. Borispol tumanida bir ayol jabrlangan. Bucha, Obuxov, Fastov va Belaya Serkov tumanlarida turarjoylar hamda avtomobillarga zarar yetgan. Belaya Serkov tumanida taʼlim muassasasi binosi ham shikastlangan.

Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmatining Sumi viloyati boshqarmasiga koʻra, Rossiya qoʻshinlari Sumi shahriga boshqariladigan aviabombalar bilan zarba bergan. Dastlabki maʼlumotlarda olti kishi jabrlangani aytilgan. Xususiy va koʻp qavatli uylar shikastlangan, binolardan birining tomida yongʻin chiqqan.

«Ukrenergo» milliy energetika kompaniyasi energetika obyektlariga hujumlar tufayli tizimda murakkab vaziyat yuzaga kelganini bildirgan. Shu sababli 1-oktabr kuni Ukrainaning ayrim hududlarida elektr isteʼmoli cheklanadi.

Sanoat va biznes uchun quvvatdan foydalanish cheklovlari mahalliy vaqt bilan soat 08:00 dan 21:00 gacha amal qiladi. Barcha toifadagi isteʼmolchilar uchun esa soatbay elektr uzish jadvallari 08:00–11:00 va 16:00–21:00 oraliqlarida qoʻllanadi.

Kiyev va yana uch viloyatda shoshilinch elektr uzish choralari 30-sentabrning oʻzidayoq joriy etilgan.