O‘zbekiston | 08:35 / 24.07.2019
27735
3 daqiqa o‘qiladi

Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida yangi lavozim joriy etiladi

Foto: AFP

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Yer qa'rini geologik jihatdan o‘rganishni yanada takomillashtirish va 2020-2021 yillarda mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash davlat dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Davlat geologiya qo‘mitasiga yuklatilgan vazifalarni samarali muvofiqlashtirish va bajarish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining hududiy bo‘linmasidan bitta shtat birligini qisqartirish hisobiga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Makroiqtisodiy tahlil, tarkibiy o‘zgartirishlar, moliya-bank tizimi va xususiy tadbirkorlik masalalari kotibiyati tuzilmasida qo‘shimcha bitta geologiya va mineral-xomashyo bazasi bo‘yicha bosh mutaxassis shtat birligi ko‘zda tutiladi.

Davlat geologiya qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Makroiqtisodiy tahlil, tarkibiy o‘zgartirishlar, moliya-bank tizimi va xususiy tadbirkorlik masalalari kotibiyatiga biriktiriladi.

Moliya vazirligi Davlat geologiya qo‘mitasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga strategik muhim turdagi qattiq foydali qazilmalarni o‘zlashtirish uchun investitsiyalarni jalb qilish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi prezidentining qarori loyihasini kiritadi:

kon-geologiya sohasida investitsiya loyihalarini boshqarish va amalga oshirishning litsenziya bitimi asosida hamkorlik qilishning shakli va shartlari belgilanishini nazar tutuvchi xalqaro amaliyotni joriy qilish;

to‘liq moliyalashtirish ta'minlangan taqdirda chet ellik investorlarga tadbirkorlik tavakkalchiligi shartlari asosida investitsiya loyihasini amalga oshirish huquqini taqdim qilish;

foydali qazilmalarni qidirish va aniqlash huquqi uchun imtiyozli bonus stavkalarini qayta ko‘rib chiqish;

kon qazish sohasidagi xalqaro standartlarni qo‘llashni hisobga olgan holda strategik muhim turdagi qattiq foydali qazilmalarning asosiy turlari uchun yer qa'ridan foydalanishga oid soliq stavkalarini maqbullashtirish;

chet el investorlari tomonidan soliqlar va majburiy to‘lovlarning barcha turlari O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan belgilangan tartibda to‘lanishi;

loyihani amalga oshirishning butun davrida soliq qonunchiligining o‘zgarmasligi kafolatlarini ta'minlash.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid