O‘zbekiston | 16:08 / 25.07.2019
4090
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston «Jahon musulmon sayyohlik indeksi»da o‘tgan yilga nisbatan 10 pog‘onaga yuqoriladi

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan 2019 yil 29 iyul kuni Singapur CrescentRating agentligining musulmon mehmondo‘stligi xizmatlari reytingi yurtimizga joriy etilishi munosabati bilan taqdimot o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

CrescentRating agentligi Jahon halol turizm bozorida yirik ekspertlardan sanaladi. Tashkilot 2015 yildan boshlab «Jahon musulmon sayyohlari indeksi» (Global Muslim Travel Index) reytingini e'lon qilib keladi. Mazkur reytingga 130 ta mamlakat a'zo bo‘lib, unda 40 dan ortiq mezonlar asosida musulmon sayyohlar uchun taklif etiladigan xizmatlar baholanadi.

Reytingga ko‘ra, yurtimiz 2019 yilda «Jahon musulmon sayyohlik indeksi»da 22-o‘rinda bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 10 pog‘ona yuqoriladi degani.

Ma'lumki, joriy yilning 21-23 fevral kunlari Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tashabbusi bilan Buxoroda o‘tkazilgan «II Xalqaro ziyorat turizmi forumi» doirasida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi CrescentRating agentligi o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik memorandumi imzolanib, ushbu xalqaro tashkilot bilan kelgusidagi istiqbolli loyihalar bo‘yicha kelishuvlarga erishilgandi.

Mazkur kelishuv doirasida joriy yilning may oyida CrescentRating agentligi musulmon mehmondo‘stligi xizmatlari reytingini mamlakatimizdagi turistik tashkilotlarga joriy etish yuzasidan agentlik «Turizm xizmatlarini sertifikatlashtirish markazi» DUK bilan shartnoma imzoladi.

Mazkur baholash reyting tizimi ixtiyoriy bo‘lib, undan foydalanishda istagan turistik tashkilotlar musulmon mehmondo‘stligi sohasida bir qancha imtiyozlarga ega bo‘ladi. Jumladan:

CrescentRating agentligi tomonidan turistik tashkilot xodimlariga bepul malaka oshirish kurslari;

«halol turizm» yo‘nalishidagi sertifikatlangan kurslarga chegirma;

turistik xizmatlarini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish;

mahalliy bozorda musulmon mehmondo‘stligi talablarga javob beradigan tashkilot sifatida sayyohlarni jalb qilish orqali daromadini oshirish kabi imkoniyatlar taqdim etiladi.

Ushbu reyting xizmatlaridan sayyohlik agentliklari, mehmonxonalar, ovqatlanish maskanlari, aeroportlar, vokzallar, savdo-ko‘ngilochar maskanlari foydalanishi mumkindir.

Ushbu baholash reytingida xalqaro ekspertlar musulmon sayyohlar uchun yuqorida keltirilgan turistik manzillardagi yaratilgan qulayliklar va ularning ehtiyojlarini inobatga olganligiga alohida e'tibor qaratadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid