Jamiyat | 01:20 / 25.07.2019
58503
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandlik haydovchi viloyat YHXB yaqinida yo‘l harakati qoidalarida mavjud bo‘lmagan belgi o‘rnatilganiga e'tiroz bildirdi

Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi yonidagi Spitamen shohko‘chasi va Qozizoda Rumiy ko‘chasi kesishmasidagi chorrahada o‘rnatilgan yo‘l belgisi haydovchilardan birining e'tiroziga sabab bo‘ldi, deb yozadi samarqandlik bloger Mirzo Subhonov.

«Hammaga yo‘l berib to‘g‘riga haydash mumkin» deb yozilgan ushbu yo‘l belgisi chorrahada ertalab soat 07:00 dan 10:00 gacha amal qilishi belgilangan edi.

Holat yuzasidan Samarqand viloyat IIB YHXBning boshlig‘i Abdunabi Nosirovning haydovchi B.X.ning murojaatiga javoban bergan ma'lumotiga ko‘ra, ushbu yo‘l belgisi Spitamen shohko‘chasidan shaharga kirib kelayotgan transport vositalari sonining ko‘pligi va aksincha, Qozizoda Rumiy ko‘chasidan shaharga kirib kelayotgan avtomobillarning juda kamligi sababli sinov tariqasida o‘rnatilgan.

Boshqarma boshlig‘ining qo‘shimcha qilishicha, ushbu tutashmada haydovchilar o‘rtasida hattoki so‘rovnoma ham o‘tkazilgan va so‘rovdagi barcha haydovchilar ushbu yo‘l belgisi tirbandliklarni oldini olishda ahamiyati juda ham kattaligi va uni o‘z joyida qoldirish lozimligini bildirishgan.

Ushbu yo‘l belgisi o‘rnatilishi natijasida yo‘l transport hodisasiga uchrab moddiy zarar ko‘rgan haydovchi esa Samarqand YHXB ushbu yo‘l belgisini o‘z binosi yaqiniga har kuni ertalabgi «razvod»dan so‘ng xodimlarning chorrahadagi svetofor qizil chirog‘ini kutib turmasdan harakatlanaverishi uchun qo‘yilganligini iddao qiladi. Haydovchining qo‘shimcha qilishicha, ushbu belgi yo‘l harakati qoidalarida ham mavjud emas.

O‘zbekiston Respublikasi hududida amalda bo‘lgan yo‘l harakati qoidasining 1-ilovasida 5.42 «Qizil chiroqda o‘ngga harakatlanish» yo‘l belgisi mavjud.

Svetofor qizil chirog‘ining o‘ng yoniga 5.42 yo‘l belgisi o‘rnatilgan bo‘lsa, haydovchilar svetoforning taqiqlovchi ishorasi yonib turganda ham chapdan kelayotgan transport vositalariga va ko‘chani kesib o‘tayotgan piyodalarga yo‘l berib, o‘ngga burilishlari mumkin.

Haydovchi murojaati ortidan «Hammaga yo‘l berib, to‘g‘riga haydash mumkin» deb yozilgan belgi yo‘l harakati qoidalariga zid ekanligi aniqlandi va uning chorrahadan olib tashlanishi ta'minlandi.

Mavzuga oid