Jamiyat | 16:25 / 27.07.2019
50841
4 daqiqa o‘qiladi

O‘qishga topshirgan abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tmay qolgan. Muammo markazida yana «Narxoz»

Foto: KUN.UZ

Tahririyatga ikki abituriyent murojaat qildi. Samarqandlik bu abituriyentlar imtihonga kirish uchun kerak bo‘ladigan DTM varaqasini ololmayotganini ma'lum qildi. 2000 yilda tug‘ilgan murojaatchilar shu yil kollejni bitirib, birinchi marta o‘qishga topshirgan va tabiiyki yangi tartibdagi hujjat topshirish qoidalarini bilmaydi. Bu esa ularga qimmatga tushgan...

Samarqandlik yosh yigitlar Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida o‘qiyman deb orzu qilgan va o‘sha mashhur «Narxoz»ga hujjat topshirgan. Ammo testga tayyorlanishni davom ettirayotgan abituriyentlar DTM varaqasini olish vaqtida muammoga duch kelgan.

Abituriyentlarga hujjat topshirganligini isbotlovchi qog‘oz berishgan va unda na ism-familiya, na qaysi fakultet tanlangani ko‘rsatilmagan. Qoidasi shunaqa bo‘larkan deb o‘ylagan yosh yigitlar Samarqandga qaytib ketgan. Ularga DTM qog‘ozini DTM.uz saytidan olishlarini aytishgan, ammo DTM saytiga pasport seriyalarini kiritishsa, xatolik degan yozuvni ko‘raverishgan. Ya'ni hujjat topshirgan abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tganlar qatorida bo‘lmagan.

Bu borada davlat test markaziga murojaat qilganimizda, muammo ularda emasligini, hujjat qabul qilgan operator abituriyentlarning ma'lumotlarini kiritishda xato qilganini aytishdi. Bu muammoning yechimini qanday hal qilish mumkinligini so‘raganimizda, davlat komissiyasiga murojaat qilish kerakligini aytishdi. Murojaatchi yigitlarning aytishicha, ular DTMga ham, Oliy ta'lim vazirligiga ham borishgan va har safar «Ayb o‘zlaringizda, mana, qo‘l qo‘ygansizlar-ku», degan javob olishgan.

Yuqorida aytganimiz hech qanday aniq ma'lumot kiritilmagan hujjatga abituriyentlar «Maslahatchiga e'tirozim yo‘q», deb yozib qo‘l qo‘yishgan. Murojaatchilarning aytishicha, o‘sha maslahatchi bitta namuna ko‘rsatib, unda nima yozilgan bo‘lsa, shuni ko‘chirib yozish kerakligini aytgan. Qabulda o‘tirgan odamning gapiga ishongan abituriyentlar unga e'tirozi yo‘qligini yozib bergan.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti qabul komissiyasi rasmiylaridan biri Kun.uz'ga murojaat qilgan abituriyentlarga endi hech narsa qilib bo‘lmasligini, yagona chora Rossiya universitetlaridan birining «Narxoz» qoshida ochilgan fakultetiga hujjat topshirish ekanini aytgan. Ammo rus tilini bilmaydigan bola ruscha fakultetga qanday imtihon topshiradi?

Xullas, operatorlar bu yigitlarning ma'lumotlarini DTM bazasiga kiritmagan va shu sabab yosh yigitlarning yillar davomida qilgan tayyorgarligi havoga uchishi mumkin. «O‘qishga tayyorlanish uchun 25 million atrofida pul sarfladim, endi esa imtihonga ham kira olmaysan deyishyapti. Bormagan joyim qolmadi, foydasi bo‘lmadi. Toshkentga borib hamma tegishli idoralarga kirib chiqdim, hamma «Bu mening ishim emas» deydi. Toshkentda bir kun turish uchun ham falon so‘m ketadi, u yerga borib kelishning o‘zi ham xarajat...»,- deydi biz bilan suhbatda bo‘lgan Mardonov Izzatilla.

Murojaatchilarning aytishicha, «Narxoz»ga hujjat topshirganlar orasida yuqoridagi muammoga yana 5-6 nafar abituriyent duch kelgan. Murojaatchilardan ikkinchisi Hamidov Sardor. Bu abituriyentlarning ismi-familiyasini bejizga keltirmayapmiz, ushbuni o‘qiyotgan mas'ullar ularning muammosini o‘rganib, imtihongacha hal qilishlariga umid qilamiz. Axir birgina xato endi o‘qishga topshirayotgan yosh yigitlarning hayotiga juda salbiy ta'sir qilishi mumkin.

Shu o‘rinda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida har yili test oldidan har xil mojarolar ko‘p bo‘lishini aytish kerak. Yaqinda universitetning Samarqanddagi yangi filialida qabul tugashi arafasida «kutilmaganda» yangi fakultet paydo bo‘lib qolganini unutmagan bo‘lsangiz kerak.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi

Mavzuga oid