Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Yer uchastkalari egalarini mikro ro‘yxatga olishni tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.
Hujjat bilan 2020 yil 1 iyundan 30 iyungacha respublikaning har bir tumani va shahrida mavjud dehqon (shaxsiy yordamchi) xo‘jaliklari sonining 10 foizini qamrab olgan holda, yer uchastkalari egalarining qishloq xo‘jaligi faoliyati bo‘yicha mikro ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkaziladi.
Quyidagilar:
Yer uchastkalari egalarini mikro ro‘yxatga olishni tashkil etish va o‘tkazish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi tarkibi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi yer uchastkalari egalarini mikro ro‘yxatga olishni tashkil etish va o‘tkazish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha hududiy komissiyalarning namunaviy tarkibi tasdiqlangan holda tashkil etiladi.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlashda aholining ishtirokini tavsiflovchi muhim ko‘rsatkichlarni shakllantirgan holda yer uchastkalari egalarini mikro ro‘yxatga olishni tashkil etish, o‘tkazish va yakuniy natijalarini chiqarish bo‘yicha tartib tasdiqlanadi.
Yer uchastkalari egalarining qishloq xo‘jaligi faoliyati bo‘yicha mikro ro‘yxatga olish tadbirini tashkil etish va o‘tkazish sxemasi tasdiqlanadi.
Respublika komissiyasi:
vakolatli organlar va mikro ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazishga jalb qilingan boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi organlarning hamkorlikdagi faoliyatini muvofiqlashtirgan holda, ularning mazkur tadbirga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bilan bog‘liq ishlarning o‘z vaqtida hamda sifatli ijrosi ta'minlanishini nazorat qiladi;
mikro ro‘yxatga olish tadbirini tashkil etish va o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralarni jalb etish masalalarini ko‘rib chiqadi;















