Avvalgi transfer oynalari bilan solishtirganda, bu yozning bir jihati ko‘zga tashlanadi. Katta klublar tarkibida juda ko‘p kuchli, ammo keraksiz bo‘lib qolgan ajoyib futbolchilar yig‘ilib qolgan. Ulardan xalos bo‘lish oson bo‘lmayapti.
Futbolchilarning likvidliligi bilan bog‘liq muammolar avval ham bo‘lgan, ammo sal boshqacha mazmunga ega edi. Qachonlardir «Liverpul» Balotellidan qutulmoqchi bo‘lgan; Antonio Kasanodan esa, u qayerda o‘ynasa, o‘sha klub qutulishga urinardi. Ya'ni o‘sha holatlarda asosiy muammo futbolchining o‘zida, uning xarakterida bo‘lgan. Hozir esa transferlar tizimi juda ko‘p vaziyatlarni boshi berk ko‘chaga olib kirib qo‘ymoqda.
Yaxshi futbolchilarni sotishda deyarli barcha top klublar muammolarga duch kelishgan. «Arsenal» Mesut O‘zil va Shkodran Mustaini sota olmayapti. «Arsenal»ning transferlari aynan shu futbolchilarning sotilishi, bu sotuvlardan keladigan mablag‘ga bog‘liq – ammo aniq xaridorlar yo‘q. Natijada, mavsum boshlanganda, Emeri himoya markazida yana Mustafi – Papastopulos juftligiga, yagona hujumkor yarimhimoyachi rolida esa O‘zilga tayanishga majbur.
Shu bilan birga, O‘zil – nafaqat jahon chempioni, balki klub miqyosda deyarli barcha sovrinlarni yutgan, so‘nggi olti yilda APLning eng yaxshi assisentlaridan biri, o‘tgan mavsumdan tashqari, kelganidan buyon har yili bu borada Angliyaning kuchli uchtaligidan joy olib kelmoqda. Uning o‘yin uslubi Emeriga mos kelmadi; mantiqan, transfer qilinishi kerak, ammo yetarli summani hech kim to‘lashni istamayapti.
Boshqa klublar haqida ham xuddi shunday deyish mumkin. «Manchester Siti»da Danilo hech kimga kerak emas. To‘g‘ri, u Angliyaning eng yaxshi jamoasi uchun asosiy tarkibga mos emasdir, ammo har qanday bundayroq klubda o‘ynab keta oladi. Aleksis Sanches masalasi-ku, alohida kitob bo‘lishga arziydi. Amerika Kubogida futbolchi juda yaxshi formada ekani ma'lum bo‘ldi, ammo uni «Manchester Yunayted»da kuzatsangiz, o‘ynashni esdan chiqarib qo‘ygandek tasavvur uyg‘otadi. Ha, shuningdek, «Yunayted»dagi 125 nafar markaziy yarimhimoyachilar ham, jamoaga mos bo‘lmasa-da, top-6`dan yoki Angliyadan tashqaridagi juda ko‘p klublarni kuchaytirgan bo‘lishardi.
Yana, «Real», Garet Beyl, uch yilga bo‘lingan 50 million maosh va shuncha soliqlar bor. Klub hatto Beylni tekinga Xitoyga qo‘yib yuborishiga ham sal qoldi, lekin oxirgi pallada fikridan qaytdi. «Barselona» esa umidsizlik bilan Filippe Koutinoga da'vogar izlayapti; uni «Manchester Yunayted», «PSJ» va «Liverpul»ga taklif qilib ko‘rdi. Neymarga almashtirish niyati ham bor, ammo hozircha hech kim rozi emas.
«Yuventus»da Sarriga kerak bo‘lmaganlar ichidan kattagina yulduzli ramziy jamoa tuzish mumkin. Ro‘yxatga Gonsalo Iguain, Moyze Kin, Blez Matyuidi, Sami Xedira, Mario Manjukich va so‘nggi xabarlarga qaraganda, hatto Paulo Dibalani ham qo‘shish mumkin. Transfer bozori ochilganiga bir oy bo‘ldi, lekin «Yuventus»ning eng qimmat sotuvi haligacha «Roma»ga 29 millionga ketgan Leonardo Spinatssola bo‘lib turibdi. Hatto ancha kamtarona tarkibga ega «Inter» ham Perishich, Nainggolan va Ikardilarni sota olmay halak. Ular klubning rejalarida yo‘q, hatto mashg‘ulotlarda qatnashishmayapti, ammo transfer ham yo‘q.















