Beyl kechiriladimi?

Terma jamoa bilan Yevropa chempionatiga chiqqanidan so‘ng Beyl maydonda o‘z mamlakati bayrog‘i bilan paydo bo‘ldi, unda shunday ketma-ketlikda yozilgandi: «Uels, golf, Madrid. Shu tartibda». Uelslik futbolchining «Real» bilan munosabatlari sovuqlashganiga ancha bo‘lgan, ammo hali bunday manifestni dunyo ko‘rmagandi. Yakshanba kuni Beyl «Real Sosedad»ga qarshi o‘yinni zaxirada boshladi, ammo ikkinchi bo‘limda maydonga tushirildi. U har to‘pga teginganida hushtakbozlik qilishdi, tribunada esa shunday bannerni ko‘tarishdi: «Rodrigo, Vinisius, Lukas Vaskes, Beyl. Shunday tartibda».
«Real» o‘yinda g‘alaba qozondi, Zinedin Zidan fanatlarning harakatini qoraladi, Uels bayrog‘i bilan bog‘liq holat bo‘yicha esa o‘yindan avvalroq munosabat bildirib bo‘lgandi: «Meni klubdan tashqaridagi ishlar qiziqtirmaydi». Aftidan, Beylni murabbiy kechirgan, ammo fanatlar emas. Bugun «PSJ»ga qarshi o‘yinda u asosiy tarkibdan o‘rin olmasa kerak, axir uni «Santyago Bernabeu» olqishlab kutib olmasligi tayin.
«Real» uchun bu muhim o‘yin, axir jamoa hali 1/8 final yo‘llanmasini kafolatlagani yo‘q — nazariy jihatdan «Bryugge»da madridliklarni quvib o‘tish imkoniyati bor. Agar «Real» Parijdagi kabi o‘ynasa pley-offga chiqmagani ma'qul: o‘shanda «Qirollik klubi» 0:3 hisobida tor-mor etilgan, qolaversa bu o‘yinda «PSJ» safida na Neymar, na Mbappe va na Kavani bor edi. Hozir bu uch futbolchining barchasi maydonga tushishga tayyor, demak o‘yin yanada qiziqroq bo‘ladi. Mbappe va Neymar hali ham «Real»ga o‘tishi mumkin — bu esa o‘yindagi yana bir intriga.
Jozening ilk uy uchrashuvi qanday kechadi?

«Tottenhem» bosh murabbiyi sifatidagi ilk matbuot anjumanida Joze Mourinodan YeChL finalidagi mag‘lubiyat jamoaga qanday ta'sir qilgani bo‘yicha savol so‘raldi. Portugaliyalik mutaxassis shunday javob qaytardi: «Bilmayman, men hech qachon Chempionlar ligasi finalida yutqazmaganman».
Yevropadagi asosiy turnirga qaytish oldidan Mourino jurnalistlar bilan yana uchrashdi. «Bu – hamma g‘alaba qozonishni istagan turnir. Bu turnirda g‘olib bo‘lish hammaga ham emas, lekin men buni ikki marta uddaladim. Uchinchisini ham qo‘shib qo‘yishni istayman», — deya qayd etdi «Tottenhem»ning yangi bosh murabbiyi.
Albatta, murabbiyning bu so‘zlariga hamma miyig‘ida kulib qo‘ydi, axir «shporlar» yaqindagina o‘z maydonida «Bavariya»ga 2:7 hisobida yutqazib qo‘ygandi va jamoa hali pley-off yo‘llanmasini ham qo‘lga kiritmagan. Buning uchun londonliklar avvaloq «Olimpiakos»ni o‘z maydonida mag‘lub etishi kerak — shunda «Tsrvena Zvezda» va «Bavariya» o‘rtasida parallel kechadigan uchrashuv natijasi ahamiyatsiz bo‘ladi. Darvoqe, bu o‘yin Mourino uchun klub muxlislari qarshisidagi ilk o‘yin bo‘ladi, shunday ekan jamoaning ochko yo‘qotishga haqqi yo‘q.




















