Dam olish kunlarida Ispaniya chempionatida 3-tur uchrashuvlari o‘tkazildi. Bu turda «Real» va «Barselona» ochko yo‘qotdi, «Atletiko» esa dahshatli kambek ijro etib, turnir jadvalida yakka peshqadamga aylandi.

Ko‘k-anorranglilar Pamplonada ochko olishga muvaffaq bo‘ldi, 16 yoshli Fati gol urdi

Ispaniya chempionati. 3-tur
«Osasuna» — «Barselona» — 2:2 (1:0)
Gollar: Torres, 7 (1:0). Fati, 51 (1:1). Artur, 64 (1:2). Torres, 81 — penalti (2:2).
«Osasuna»: Martines, N.Vidal, Ernandes, Dav.Garsiya, Estupinyan, Torres, Oyyer, Merida (Monkayola, 71), R.Garsiya (Ibanes, 65), Avila, Brandon (Vilyar, 78).
«Barselona»: ter Shtegen, Semedu (Fati, 46), Pike, Langle, Jordi Alba, Serji Roberto, Buskets, de Yong (A.Vidal, 82), Rafinya (Artur, 53), Grizmann, Peres.
Ogohlantirishlar: Merida, 13. Serji Roberto, 32. de Yong, 37. Brandon, 43. Pike, 82. Monkayola, 90+1. Langle, 90+4.
Hakam: Martines Munuera.
31 avgust. Pamplona. «El Sadar» stadioni.

Messi nega o‘ynamayapti?
«Barselona» sardori o‘tgan hafta o‘rtasida Monakodagi marosimda YeChLning 2018-19 yilgi mavsumining eng yaxshi hujumchisi uchun mukofotni qabul qilib oldi. Marosimda u sog‘lom va tetik ko‘ringandi. Leo jamoa bilan birga shug‘ullanmoqda va o‘ynashga tayyor, ammo Valverde va murabbiylar shtabi uni ayashda davom etishmoqda va u qatorasiga uchinchi o‘yinda ham ishtirok etmadi. Hozirgacha jamoa sardori qachon maydonga qaytishi noma'lum, chunki uning bel qismidagi muammo yana qaytalanib qolishi mumkin.

«Barsa» hamon uyquda
Valverde hujumchilar tanqisligi to‘g‘risidagi savolga original tarzda javob qaytardi: qatorasiga ikkinchi o‘yin zayavkasiga «Barselona» tarbiyalanuvchisi, 16 yoshli Anssumane Fati kiritildi. Murabbiyning bu tanlovi tushunarli, jarohatlar tufayli yuzaga kelgan vaziyat uni shunday choralarga majbur bo‘lmoqda. Yana bir akademiya tarbiyalanuvchisi, «Barsa B» jamoasi futbolchisi Karles Peres ham o‘yinni ilk daqiqalardan maydonda boshladi.

«Barselona» mavsum startini nafaqat asosiy uch hujumchisisiz, balki jamoaviy o‘yindagi muammolar bilan birga boshlamoqda. Yarimhimoya chizig‘i vakillari hali o‘zaro tushunib harakatlanishni kerakli darajaga yetkaza olishmadi, hujumchilar ham bir-birlari bilan endi tanishishmoqda, shu tufayli «Barsa»ning pozitsion hujumlari o‘xshamayapti. Bu o‘yinda Valverde jamoasidagi kamchiliklarni tezkor gol yopib ketishi mumkin edi, ammo barchasi aksincha bo‘ldi. O‘yinning 7-daqiqasidayoq Torres «Osasuna»ni hisobda oldinga olib chiqdi va «Barsa»ning barcha nuqsonlari fosh bo‘lib qoldi. «Qirol yalang‘och-ku!» — Pamplona shunday hayqirdi va hujumni yakuniga yetkazdi.