Rossiya chempionatining yangi mavsumi «Rostov»ning o‘zbekistonlik hujumchisi Eldor Shomurodov uchun omadli boshlandi. U dastlabki 4ta turda 3ta gol urib, rus futboli jamoatchiligi e'tiboriga tushdi. Bugun «Match TV» mavsumning potensial kashfiyoti bilan intervyuni e'lon qildi.

– Yoz davomida «Rostov»ning hujumkorligi ortib boryapti. Karpin uslub o‘zgarishini qanday e'lon qildi?
– Ko‘proq hujum qilishimiz, ko‘proq pressing qo‘llashimizni aytdi. Bu mashg‘ulotlarimizda ham ko‘rinib turgandi. Avvaliga Yevropaning turli jamoalari qanday o‘ynashini ko‘rib chiqdik, birinchi turdan keyin esa o‘z o‘yinlarimizni tomosha qilib, xulosalar chiqara boshladik.

– Karpinning murabbiylar shtabida ispanlar ko‘p. «Rostov»ning mashg‘ulotlari siz oldin o‘ynagan jamoalardagidan farq qiladimi?
– Ha, farq anchagina. Bu yerda har qanday arzimas masalaga ham professional yondashiladi. Har bir futbolchi uchun maxsus individual mashqlar bor. Menda qanaqa? Hozir ko‘proq mushaklarni cho‘zish va epchillikni oshirish ustida ishlayapman. Bu – tanam elastikligini oshirish, kamroq jarohat olish uchun kerak.

– Aleksandr Zuyevning aytishicha, Karpin futbolchilar tanasidagi yog‘ qatlamini qat'iy nazorat qilib turar ekan. Zuyev ma'lum vaqt faqat salat yeb, juda yaxshi formaga kirib olgan. Sizda «Rostov»ga kelganingizdan buyon jismonan o‘zgarish bo‘ldimi?
– Tanada yog‘ yig‘ilishi borasida menda aytarli muammo yo‘q edi. Lekin baribir mashqlar va ratsion yordamida yog‘ qatlamini kamaytirishim kerak bo‘ldi. Yig‘inlardan oldin Karpin qanday qilib to‘g‘ri ovqatlanishni tushuntirib berdi: ko‘proq ko‘katlar, tovuq go‘shti, baliq mahsulotlari, salat va mevalar yeyish kerak. Shunday bo‘lsa-da, nima yeyotganimga hech kim ko‘z-quloq bo‘lib turmaydi. Shunchaki tushuntirib berishgan, shu xolos.

– Yaqinda «Rostov»dan ikki yetakchi – Gatskan va Kalachev ketdi. Endi kim lider?
– Ragnar Sigurdsson va Roman Yeremenko. Juda yaxshi o‘yinchilar.

– Mavsum boshidagi o‘yinlaringizdan ko‘nglingiz to‘ldimi?
– Yana ham yaxshiroq o‘ynashni xohlayman. Lekin ha, yomon boshlamadim. Shu ruhda davom etish kerak. Shunga harakat qilaman.