Angliyadagi bu mavsum «Liverpul» va «Manchester Siti»ning raqobatidan (buni biz ko‘rganmiz) ham ko‘ra, boshqa jihati bilan rosa qiziq bo‘lsa kerak – Joze Mourino Sky Spors`da ishlay boshladi va o‘yinlarni studiyadan turib tahlil qiladigan bo‘ldi.
Hatto murabbiy sifatida, ma'lum bir cheklovlar va qoidalar ichidan turib, ajoyib iqtiboslar-u, original yondoshuvlari bilan mashhur Joze Mourino nisbatan ancha erkin studiyada qanday bo‘lishi mumkinligini hozircha tasavvur qilib ko‘ravering.

Debyut esa, tasodifni qarangki, «Old Trafford»ga, yanayam qizig‘i, o‘zining ikki sobiq jamoasining to‘qnashuviga to‘g‘ri keldi. Mourino «Old Trafford»ning o‘zidan turib, studiyada qatnashdi. «Manchester Yunayted» muxlislari esa, uni oynadan ko‘rib qolib, uzoq vaqt olqishlashdi.
Bir tarafda, yaqindagina iste'foga chiqqan jamoasi uning o‘rniga kelgan Sulsher bilan, naryog‘da begona bo‘lmagan «Chelsi» sobiq shogirdi Frenk Lempard qo‘l ostida...

Darvoqe, Joze allaqachon Lempard bilan orasini buzib ham bo‘ldi. Gap shundaki, o‘yindan keyin Mourino «Chelsi» tanlagan tarkib borasida keskin fikrlarni bildirdi. Asosiy tarkibda Kante, Jiru, Pulishich, Villian kabi tajribali futbolchilarning tushmaganiga urg‘u berib, bu «Manchester»ga qarshi o‘ynashni biladiganlarni tushirish kerakligini aytdi. Bu esa, yirik hisobda mag‘lubiyatga uchrab, ilk turdanoq bosim ostida qolgan Lempardga yoqmadi:
«Unga Mauntning o‘yini yoqmabdimi? Rostan shunaqa dedimi? Vau. Demak, tajribasi bor ekan, deb jarohatlangan futbolchilarni tushirish kerak ekan-da? Men o‘ynatgan futbolchilar 45-60 daqiqa mobaynida raqibdan yaxshiroq o‘ynashdi. Men ekspertlarning fikrlariga e'tibor berib o‘tirishim shart emas, ularning ishi – gapirish», – deb, xuddi bir yil oldingi Mourino uslubida javob berdi Lempard.
Mourino g‘olib jamoani ham ayab o‘tirmadi:
«Bu mavsumni «Manchester Yunayted» muvaffaqiyatli yakunlash uchun Yevropa Ligasini yutish kerak. Bu turnir «MYu»niki emas, to‘g‘rimi, Gari (Nevill), sen necha marta o‘ynagansan UYeFA kubogida? Demak, bunday turnirlarga tushib qoldingmi, unda g‘alaba qozonish shart. Kuchli to‘rtlikka kirish esa, «Yunayted» uchun juda juda qiyin bo‘ladi».
















