O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 14 avgust kuni mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 2019 yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlarni muhokama qilish hamda 9 oy va yil yakuni bo‘yicha belgilangan prognoz parametrlariga erishishni ta'minlaydigan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari rahbarlari, Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimlari, vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari va tijorat banklari rahbarlari ishtirok etdi, deyiladi O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati xabarida.

Yig‘ilishda makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlash, yoqilg‘i-energetika, qayta ishlash sanoati va agrosanoat tarmoqlarini modernizatsiya qilish, hududlarni kompleks rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy sohalarni yaxshilash, aholi farovonligini oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijalari chuqur tahlil qilindi.

Bundan buyon Vazirlar Mahkamasi komplekslari rahbarlari, vazirlar, qo‘mitalar va xo‘jalik birlashmalari raislari o‘zlarining ish uslubini tubdan o‘zgartirib, ko‘proq hududlarga, olis qishloqlarga borib, pastdagi muammolarni aniqlash va hal etishda hokimliklar, tadbirkorlar va joylardagi rahbarlarga amaliy yordam berishi zarurligi ta'kidlandi.

Bunda, har bir kompleks rahbari o‘zining vazirlari bilan birga har chorakda viloyatlarga borib, tegishli sohalardagi mavjud muammolarni hal etishi va natijalari bo‘yicha viloyat xalq deputatlari kengashi va faollari oldida hisobot berishi kerak.

Xuddi shunday, viloyatlar hokimlari ham o‘z o‘rinbosarlari va viloyat boshqarmalari rahbarlari bilan birga har chorakda tumanlarga borib, muammolarni hal qilib, tuman xalq deputatlari kengashi va faollar oldida hisobot beradi.

Oliy Majlis palatalari va Vazirlar Mahkamasiga rahbar va hokimlarning pastga tushib ishlashi va hisobot berishi bo‘yicha yangi tizimni amalda joriy qilish mas'uliyati yuklandi.

Yig‘ilishda makroiqtisodiyot, tarkibiy o‘zgartirishlar, moliya-bank tizimi va xususiy tadbirkorlik masalalari muhokama qilindi. Joriy yilning birinchi yarmida mamlakat yalpi ichki mahsuloti 5,8 foiz, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 6,9 foiz o‘sgani qayd etildi. Mahalliy budjetlar ixtiyorida 2,6 trillion so‘mdan ziyod yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 barobar ko‘p mablag‘ qoldirildi. Budjet daromadlari qariyb 51 trillion so‘mni yoki prognozga nisbatan 109 foizni tashkil etdi.