O‘zbekiston | 17:10 / 22.08.2019
15089
3 daqiqa o‘qiladi

1 noyabrdan hisoblagichlarni qiyoslovdan o‘tkazish kechikkani uchun jarima qo‘llanmaydi

2019 yil 1 noyabrdan boshlab fuqarolar hisoblagichlarini qiyoslovdan o‘tkazish va ta'mirlatish uchun o‘zlari olib bormaydi. Bu o‘zgarish haqida «O‘zstandart» agentligi mutasaddilari ishtirokida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lumot berildi.

«Qiyoslash bilan bog‘liq muammolar ko‘p ko‘zga tashlanayotgan edi. Chunki ayrim hollarda «Energota'minot» xodimi kelib vaqtida qiyoslovdan o‘tmabdi, degan mazmunda jarimaga tortib ketardi. Fuqarolar hisoblagichni ko‘tarib o‘zlari mutasaddi tashkilotlarga qiyoslov uchun borishi ham ko‘pchilik uchun yoqimli holat emas edi.

Endi esa «Energota'minot» ogohlantirgandan so‘ng fuqaro ishini bitta elektron buyurtma yuborish orqali hal qiladi. Buyurtmani o‘zi onlayn yubora olmaganlar esa Davlat xizmatlari markaziga murojaat qiladi. Va u yerda fuqaroning nomidan ariza tizimga kiritib beriladi.

Hisoblagichni yechish, qiyoslash, uni o‘rnatish energiya ta'minot korxonalari zimmasiga tushadi», deya ushbu imkoniyatning mazmuni haqida ma'lumot berib o‘tdi «O‘zstandart» agentligi bosh direktori Dilshod Sattorov.

Bundan tashqari, Dilshod Sattorovning qayd etishicha, agar hisoblagichlarda nosozlik qayd etilib, fuqaro ariza beradigan bo‘lsa, energiya yetkazib beruvchi tashkilotlar uni almashtirish yoki tuzatish kabi holatlarning barchasiga to‘liq javobgar bo‘ladi.

Qiyoslashdan o‘tkazish muddati ham 1 noyabrdan uzaytirilishi belgilab qo‘yilgan. Unga ko‘ra, fuqarolar har 8 yilda (ilgari 4 yilda edi), tadbirkorlar 4 yilda (oldin 2 yilda), yangicha tizim asosida hisoblagich o‘rnatganlar esa 10 yilda 1 marta hisoblagichlarini qiyoslovdan o‘tkazishlari kerak bo‘ladi.

«Qiyoslovdan o‘tkazish uchun fuqaro bir marta to‘lov qiladi. Shuning o‘zi bilan hisoblagichni ta'mirlash yoki almashtirish kabi zarur amallar bajariladi. Agar qiyoslov muddati o‘tgan bo‘lsa ham, hech kim uni oldingiday jarimaga tortmaydi», deydi «O‘zstandart» agentligi bosh direktori.

Shuningdek, matbuot anjumanida hozir «O‘zsandart» agentligiga kelib tushayotgan murojaatlarning asosiy foizi hisoblagichlar bilan bog‘liqligi, 1 noyabrdan ishga tushadigan yangi tizim esa tashkilotning ishini osonlashtirish va imijini yaxshilashga yordam berishi mumkinligi aytib o‘tildi.

Mavzuga oid