Samarqandda ijtimoiy do‘kon faoliyat ko‘rsata boshladi. U Samarqand shahrining Gagarin ko‘chasida — 7-maktabning oldida joylashgan.

Bu yerda ehtiyojmandlar o‘ziga va farzandlariga kiyim-kechakni tekin olishlari mumkin.

Do‘konga samarqandlik yigitlar Aleksey Berezovskiy va Xayrulla Mamasoliyev asos solishgan. Do‘konning paydo bo‘lish g‘oyasini Aleksey Berezovskiy shunday tushuntirdi:

«Kunlarning birida o‘z-o‘zimga savol berdim: bolalar katta bo‘lishyapti. Ularga loyiq kelmay qolgan eski (hattoki yangi) narsalar: kiyim-kechak, poyabzal va boshqalarni qayoqqa qo‘yish kerak? Shunda hamma eski va keraksiz narsalarni topshiradigan, ehtiyoji borlar esa u yerdan tekinga olib ketadigan bir do‘kon yoki xona tashkil etish g‘oyasi tug‘ildi».

«Hammasi mablag‘ga borib taqalardi. Xonani ijaraga olish kerak, kommunal xizmatlar uchun haq to‘lash kerak. U yerda navbatchilik qiladigan odam ham kerak. Bularning barisini bir o‘zim qila olmasdim. Shuning uchun Feysbukdagi «Potrebiteli Samarkanda» guruhida mavzuga oid post qoldirdim va g‘oyani amalga oshiruvchi hamfikrlar izladim. Aynan yordamchi insonlarni axtardim, ya'ni aslo do‘kon ochish uchun mablag‘ to‘plashga chaqirganim yo‘q», — deydi Aleksey.

Bu tashabbusga darhol bir necha kishi qo‘shilishgan. Ikki kishi darhol do‘kon uchun bepul joy taqdim etgan. Ulardan biri — Xayrulla Mamasoliyevdir. U shunday deydi:

«Do‘konning g‘oyasi shundan iboratki, bu yerga odamlar keraksiz eski narsalarini yoki yangi buyumlarni keltirishadi. Bular kiyim-kechak yo maishiy texnika bo‘lishi mumkin. Biz buzuq texnikalarni sozlaymiz va ehtiyoji borlarga tarqatamiz.

Faqat bitta qoida bor: bir kishi faqat ikkita narsa olib ketishi mumkin».

Ijtimoiy do‘kon qisqa vaqt ichida ijtimoiy tarmoqlar va Telegram kanallardagi postlar tufayli mashhurlashdi. Do‘kon kunning kechki paytida faollashadi.

O‘nlab volontyorlar har kuni do‘konga keltirilgan buyumlarni qabul qilishadi. Ular narsalarni tartibga keltirishadi, taxlashadi va tarqatishadi. Buyumlarni keltirgan insonlarning ism-familiyalari va telefonlarini yozib, kiyimlarga tirkab qo‘yishadi.