Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Bank xizmatlari iste'molchilari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar to‘g‘risidagi nizomga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi hujjat loyihasi joylashtirildi.
Bank xizmatlari iste'molchilari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar to‘g‘risidagi nizomga kiritilishi rejalashtirilgan qo‘shimchalar:
quyidagi mazmundagi 35-1-band bilan to‘ldiriladi:
“35-1. Tijorat banklariga:
jismoniy shaxslarga xorijiy valutada kreditlar (qarzlar) berish va kreditlar (qarzlar) bo‘yicha ularning majburiyatlarini xorijiy valutada hisobga olish;
ilgari olingan kreditlar (qarzlar) bo‘yicha so‘ndirilmagan muddati o‘tgan qarzdorlik mavjud bo‘lgan taqdirda jismoniy shaxslarga yangi mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatish taqiqlanadi.”.
Quyidagi mazmundagi 37-1 - 37-2-bandlar bilan to‘ldiriladi:
“37-1. Qarz oluvchi kredit (qarz) bo‘yicha garovda turgan o‘zining depoziti (omonati)dagi mablag‘larini kredit (qarz)ga xizmat ko‘rsatishning xohlagan davri mobaynida depozit (omonat)ning amal qilish muddatidan qat'iy nazar mazkur kredit (qarz)ning qaytarish uchun yo‘naltirish huquqiga ega.
Agar, qarz oluvchi kredit (qarz) bo‘yicha garovda turgan o‘zining muddatli omonatidagi mablag‘larini shartnomada ko‘rsatilgan omonat muddati tugagunga qadar kreditni (qarzni) qaytarish uchun yo‘naltirmoqchi bo‘lsa, u bu haqda bankni omonatni olishni rejalashtirayotgan sanadan kamida bir oy oldin xabardor qilishi lozim.
37-2. Qarzdordan kreditning joriy to‘lovi uchun kreditni qaytarish jadvalida belgilangan summaga nisbatan ko‘p mablag‘ kelib tushsa, u holda bank kelib tushgan mablag‘ning ortiqcha qismini qarz oluvchining kreditining asosiy qarzini so‘ndirishga yo‘naltiriladi, agar shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa.”.
3-bob (Bankning iste'molchi bilan munosabatlarni tashkil etishi) quyidagi mazmundagi 3-paragraf bilan to‘ldiriladi:
“§3. Tijorat banklarining ayrim noqonuniy harakatlari bo‘yicha jarima sanksiyalari qo‘llanilishi
40-1. Mazkur Nizomning 40-2 - 40-4-bandlari tijorat banklariga nisbatan jarima jazo choralari miqdori va ularni qo‘llash, shuningdek ularni tijorat banklarining noqonuniy harakatlari tufayli huquq va manfaatlari buzilgan mijozlar foydasiga o‘tkazish tartibini belgilaydi.















