«Dunyo» axborot agentligi xabariga koʻra, bu masalalar Oʻzbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher Toʻxtayev va Nishat Group bosh direktori Muhammad Mansha oʻrtasidagi videokonferensiyada muhokama qilingan.
Suhbatda mehmonxona biznesi, toʻqimachilik sanoati, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash va islom moliyasi sohalarida investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari koʻrib chiqilgan.
Muhammad Mansha kompaniyaning Lahor va Londonda mehmonxonalari borligini, 2026-yil noyabrida esa Islomobodda yangi mehmonxona ishga tushirilishini aytgan. U Oʻzbekistonda turizm rivojlangani va mehmonxonalarga talab yuqoriligini inobatga olib, bu sohada investitsiya loyihasini amalga oshirish kompaniya uchun manfaatli boʻlishini bildirgan.
Nishat Group vakillari Oʻzbekistonda islomiy bank tashkil etish imkoniyatlarini oʻrganishga ham qiziqish bildirgan. Kompaniya Pokistonda islomiy banking boʻyicha katta amaliy tajriba toʻplaganini qayd etgan.
Bunda Oʻzbekistondagi qonunchilik va litsenziyalash talablaridan kelib chiqib, alohida islomiy bank ochish yoki mahalliy hamkorlar bilan qoʻshma bank loyihasini amalga oshirish variantlari koʻrib chiqilishi maʼlum qilingan.
Muzokaralar davomida kompaniya rahbariyati va mutaxassislarining Oʻzbekistonga safarini tashkil etishga kelishilgan.
Nishat Group Pokistonning eng yirik biznes guruhlaridan biri boʻlib, toʻqimachilik, bank-moliya xizmatlari, qurilish materiallari, sugʻurta, energetika, mehmonxona biznesi, koʻchmas mulk, qishloq xoʻjaligi, avtomobilsozlik va aviatsiya sohalarida faoliyat yuritadi.
Guruh tarkibiga Nishat Mills Limited, MCB Bank Limited, MCB Islamic Bank Limited, D.G. Khan Cement Company Limited, Adamjee Insurance, Nishat Power Limited, Nishat Hotels and Properties, Nishat Dairy va Hyundai Nishat Motor kabi kompaniyalar kiradi.

















