Shavkat Mirziyoyev: «O‘zim ko‘p yillar o‘qituvchi bo‘lib ishlaganim uchun bu sohaning qanchalik qiyin va mashaqqatli ekanini yaxshi bilaman»
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 23 avgust kuni xalq ta'limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma'naviyatini yuksaltirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Kun.uz muxbirining xabar qilishicha, davlat rahbari yig‘ilish davomida o‘qituvchilarning jamiyatdagi obro‘si mavzusini tilga olgan.
«Men muallimlarning jamiyatimizdagi obro‘sini oshirish haqida ko‘p o‘ylayman. Chunki o‘zim ko‘p yillar oliygohda domla bo‘lib ishlaganim uchun bu sohaning qanchalik qiyin va mashaqqatli ekanini yaxshi bilaman.
Albatta, bu borada moddiy qo‘llab-quvvatlash muhim, lekin bu kasbning obro‘sini faqat o‘qituvchining o‘zi fidokorona mehnati, o‘z ustida tinimsiz ishlashi, boshqalarga o‘rnak bo‘lishi bilan oshira oladi. Biz endi jamiyatimizda o‘qituvchilarni «siz»lab, ularning sha'ni va hurmatini boshimizga ko‘taradigan, ularni tom ma'noda kelajak bunyodkorlari, deb ulug‘laydigan muhitni yaratishimiz zarur.
Biz yosh paytimizda taniqli adib Parda Tursunning «O‘qituvchi» degan romani bo‘lardi. Men shu asarni juda qiziqib o‘qiganman. Bosh qahramon - fidoyi muallim Elmurod obrazi meni hayajonga solgan. Buyuk yozuvchi Chingiz Aytmatovning «Birinchi muallim» qissasi ham yaxshi ko‘rgan asarlarim qatoriga kiradi.
Lekin, savol tug‘iladi - nima uchun barchamizga ta'lim-tarbiya berib, bizning kamol topishimiz uchun o‘zini ayamasdan fidoyilik ko‘rsatgan mo‘tabar zot - aziz o‘qituvchi va ustozlar haqida bugun ana shunday asarlar, film va spektakllar yaratilmayapti?
Agar hozirgi maktablarimiz hayoti haqida bitta zo‘r badiiy asar yoki film ishlansa, jamiyatning ong-u tafakkurini o‘zgartirishga kuchli ta'sir o‘tkazishi tabiiy», - dedi davlat rahbari.
Mavzuga oid
14:33 / 21.11.2024
Nega o‘zbek ota-onalari bolasini rus sinflariga beradi?
11:43 / 20.11.2024
2025 yilda 252 ta yangi bog‘cha barpo etiladi
15:13 / 18.11.2024
O‘zbekiston va Qozog‘iston ta’limda qo‘shma dasturlarni amalga oshirishni muhokama qilyapti
20:17 / 05.11.2024