«Hurmatli Kun.uz tahririyati! Sizlarga Jizzax viloyati G‘allaorol tumani Zargar qishlog‘idan murojaat yo‘llayapmiz. Qishlog‘imizda ichimlik suvi muammosi aholini qiynab yubordi. Bir necha murojaatdan keyin 2018 yilda artezian qudug‘i orqali ichimlik suvi chiqdi. Quvonchimiz uzoqqa bormadi. Suv o‘ta sho‘r va loyqa, bir so‘z bilan aytganda, iste'molga mutlaqo yaroqsiz. Qishloq ahli qishin-yozin 2 km uzoqlikdan suv tashiydi. Bu haqda mahalliy hokimlik va huquq tartibot idoralariga bir necha bor murojaat bilan chiqdik. Afsuski, hech bir natija yo‘q. Zargar qishlog‘ida ichimlik suvi muammosi hal etilishida amaliy yordam berishingizni so‘raymiz».

Kun.uz tahririyatiga yo‘llangan ushbu murojaatni joyida o‘rganish uchun G‘allaorol tumanida bo‘ldik.

«Qishlog‘imiz ahli bir necha yillardan beri ichimlik suvidan qiynaladi. O‘tgan yili suv uzatish minorasini qurib topshirishganida juda quvongan edik. Chunki ungacha har 3-4 kunda ichimlik suvini sotib olar edik.

Lekin erta quvongan ekanmiz. Bu quduqdan chiqayotgan suv nafaqat ichishga , balki kir yuvishga ham yaramaydi. Qishloq ahli hanuz 2 km uzoqlikdan suv tashiydi.

Ushbu chala qurib topshirib ketilgan suv uzatish minorasidan chiqayotgan ichimlik suvini mart oyida Jizzax shahrida tekshiruvdan o‘tkazib keldik. «Ichishga mutlaqo yaroqsiz», degan xulosani chiqarib berishdi.

Eng qizig‘i, biz barcha kerakli tashkilotlarga murojaat qilsak-da, natija yo‘q. Suv o‘ta loyqa, yerga to‘ksangiz ko‘mirdek qorayib qoladi. Sho‘rligidan ekinlarni ham sug‘orolmaymiz. Chorva mollari ham iste'mol qilmaydigan suvni ichishga majburmiz. Sangzor daryosidan suv tashiymiz, shu suvni iste'mol qilishimiz natijasida farzandlarimiz yuqumli kasallik orttirib olyapti», — deydi Rahmatilla Qoraboyev.

«Davlatning katta puli sarflanib, nomigagina qazilgan artezian qudug‘iyu, ushbu suv uzatish minorasi uchun kimdir javob beradimi? Bizning aybimiz nima? Nega biz ko‘mirdek qora loyqa suvni ichishimiz kerak? Bu suvga yuvinib ham bo‘lmaydi. Bosh yuvsangiz sochingiz qotib qoladi. Mahalla ahli yig‘ilib, bormagan joyimiz qolmadi. Kimdir qilgan aybi uchun javob beradimi? Qachongacha biz suv qaynatib yoki uning loyqasi tubiga cho‘kishini kutib iste'mol qilamiz? Suv ham osonlikcha tinmaydi, ba'zida sel kelishi oqibatda soydan kelayotgan suvning tinishini iki uch kunlab kutishga to‘g‘ri keladi. Kutishni istamaganlar tinsa-tinmasa loyqa suvni ichadi. Bizga shu muammoni kimdir yechib beradimi?», — deydi I'nom Alimov.