Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Tijorat banklarida jismoniy shaxslar bilan valuta ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi hujjat loyihasi e'lon qilindi.
Tijorat banklarida jismoniy shaxslar bilan valuta ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga kiritilishi rejalashtirilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar:
5-band (Chet el valutasini ayirboshlash operatsiyalari eng kam oylik ish haqining 500 baravari miqdoriga teng bo‘lgan yoki undan oshgan hollarda, jismoniy shaxslardan shaxsini tasdiqlovchi hujjat (YaTTdan qo‘shimcha ravishda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi) talab etiladi va ushbu hujjat nusxalari operatsiyalarni amalga oshirgan xodimlar tomonidan bank kunlik hujjatlariga tikib qo‘yiladi) quyidagi tahrirda bayon etiladi:
“5. Chet el valutasini ayirboshlash operatsiyalari bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravari miqdoriga teng bo‘lgan yoki undan oshgan hollarda, jismoniy shaxslardan shaxsini tasdiqlovchi hujjat (YaTTdan qo‘shimcha ravishda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi) talab etiladi (chet el valutalarini sotish operatsiyasi bundan mustasno) va ushbu hujjat nusxalari operatsiyalarni amalga oshirgan xodimlar tomonidan bank kunlik hujjatlariga tikib qo‘yiladi.”.
2-bob (Tijorat banklari tomonidan valuta ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirish) nomidagi va 6-banddagi (Tijorat banklari tomonidan valuta ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirish bank rahbarining buyrug‘iga asosan bankning tegishli tarkibiy bo‘linmasiga yuklatiladi) “valuta ayirboshlash operatsiyalarini” degan so‘zlar “naqdsiz shaklda chet el valutasini sotish operatsiyasini” degan so‘zlar bilan almashtiriladi.
10-banddan (Rezident jismoniy shaxs chet el valutasini sotib olish uchun tijorat bankining tarkibiy bo‘linma mutaxassisiga ariza hamda shaxsini tasdiqlovchi hujjatini, YaTT esa qo‘shimcha ravishda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomasini taqdim etadi hamda tarkibiy bo‘linma mutaxassisi hujjatlardan nusxa oladi va aslini qaytarib beradi) “ariza hamda” degan so‘zlar chiqarib tashlansin.
3-bobning (Tijorat banklari tomonidan chet el valutasini sotib olish operatsiyalarini amalga oshirish) nomi “tijorat banklari tomonidan” degan so‘zlaridan keyin “naqdsiz shaklda” degan so‘zlar bilan to‘ldiriladi.
6-bob (Valuta ayirboshlash shoxobchasiga qo‘yiladigan talablar va uning ishini tashkil qilish) nomidagi “ayirboshlash shoxobchasiga” degan so‘zlar “ayirboshlash shoxobchasida amalga oshiriladigan operatsiyalar turlari, shoxobchaga” degan so‘zlar bilan almashtiriladi.















