Navbatdagi Jahon chempionati saralashi oldidan O‘FA anjumanlar zalida O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper jurnalistlar savollariga javob berdi. Anjuman tafsilotlarini Tribuna.uz muxbiri keltirib o‘tdi.
– Yozda Afrika Millatlar kubogida ekspert bo‘lib ishlab, keyin ta'tilga chiqib ketdingiz. Vaholanki bu vaqtda Superliga, O‘zbekiston kubogi va liga kubogida juda ko‘plab o‘yinlar bo‘lib o‘tdi.
– To‘g‘ri, men ba'zi o‘yinlarni o‘tkazib yubordim. Lekin ta'til bo‘lmaganida bu ham salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin edi. Lekin yaxshi savol berdingiz. Ta'til vaqti ba'zi o‘yinlarga to‘g‘ri kelib qoldi va biz Liga kubogi o‘yinlarini o‘tkazib yubordik, lekin chempionatda men kuzata olmagan turlar juda kam bo‘ldi.
Chempionatda birinchi davraning oxirgi o‘yinlari 26-27 iyunda (asli 28-29 iyun – tahr.) bo‘lib o‘tdi va ikkinchi davra 25-26 iyullarda (asli 26-27 iyul – tahr) boshlandi. Men 3 avgustda O‘zbekistonda edim.
Federatsiyada mendan boshqa murabbiylar ham ko‘p – Olimpiya va boshqa terma jamoalar murabbiylari bor. Agar qaysidir muhim o‘yinni yoki o‘yinchini kuzata olmay qolgan bo‘lsak, uni boshqa murabbiylar ko‘radi. Aziz Haydarovning o‘zi ham kuzatadi. U kelib menga aytadi: «Shunday o‘yinchi chiqdi, zo‘r o‘yinchi – O‘zbekistonning Messisi, sizlar bilmay qoldilaring». Faqat men baholasam-da, boshqalar maslahat berib turishadi.
Bu holat Falastin bilan o‘yinga salbiy ta'sir qiladimi, deb o‘ylamayman. Ta'tilimning hech qanday ta'siri yo‘q.

Qolaversa, o‘tgan matbuot anjumanida texnologiyalar va shu asosda analiz qilish haqida aytgandim. Bizda barcha texnologiyalar bor. Stadionga bormasdan o‘yinlarni ko‘rishimiz mumkin. «Stadiondan ko‘rish baribir boshqa», desangiz, aksincha – bu ba'zida yaxshi. Chunki analiz payti videoni to‘xtatib, kadrni ortga qaytarib ko‘rishimiz mumkin, stadionda unaqa ko‘ra olmaysiz.
Ta'tilim terma jamoaga ta'sir qiladi, deb o‘ylayman. Chunki buni oldindan baholaganmiz. Ta'til muddatim bo‘yicha biz tanlagan oyni eng maqbuli, degan qarorga kelganmiz.
– Klublardan tashqari boshqa terma jamoalarni ham kuzatib boryapsizmi, turli yosh toifalaridagi terma jamoalarning murabbiylari bilan kengashib ish olib boryapsizmi?
– Milliy jamoa birinchi navbatda olimpiya termasidan oziqlanadi. To‘g‘ri, 14-15 yoshli futbolchilardan iborat terma jamoalar ham bor, lekin ulardagi talab har xil. Milliy jamoadagi ishni ular qila olmasligi mumkin. 14 yoshli va 18 yoshli bolani milliy jamoaga bir xil tayyorlab bo‘lmaydi.
















