O‘zbekiston iqtisodiyotini yuksaltirishning muhim omillaridan biri – tadbirkorlikni rivojlantirish, uning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi ekani ko‘p aytilgan. Ishbilarmonlarga qulay sharoit va muhit yaratilsa, byurokratik to‘siqlar olib tashlansa, mulkiy huquqlari qattiq himoya qilinsa, ularning daromadi oshadi, natijada odamlarning farovonligi yaxshilanadi, davlatimiz ham boy bo‘ladi. Xalqimiz azaldan mehnatsevar va tadbirkordir. Biz tog‘ni talqon qilishga, sahroda bog‘ qilishga qodirmiz, faqat imkoniyat berilsa bas.

So‘nggi yillarda bu borada qilinayotgan ishlar juda katta salmoqqa ega bo‘ldi. Biroq, tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammolar to‘liq bartaraf qilindi, barchasi o‘z yechimini topdi deb dadil ayta olamizmi? Afsuski yo‘q. Bu maqolamizda har bir tadbirkor, ishbilarmon yoki fuqaro yo‘liqishi mumkin bo‘lgan masalani yoritishga harakat qilamiz.

Xorazm viloyati Urganch tumanida istiqomat qiluvchi bir qancha tadbirkorlar Kun.uz tahririyatiga murojaat qilib, bozor bilan bog‘liq bo‘lgan va bir necha yillardan beri qiynab kelayotgan muammoni bayon etishdi. Davlat hokimiyati nomidan ish yuritgan va noqonuniy xatti-harakatlari natijasida katta miqdorda zarar yetkazgan mansabdor shaxs ustidan shikoyat qilishdi.

2015-2016 yillarda Urganch tumani eski buyum bozorida ko‘plab tadbirkorlarning do‘konlari buzildi. Ularning bir qismi shu joyga yaqin hududda qurilgan Urganch shahar buyum bozoriga ko‘chib o‘tishdi. Boshqa qismi esa Urganch tumanining yangi buyum bozori barpo qilinishini kutib qolishdi.

2017 yili Urganch tumani hokimligi huzurida «Urganch tuman markaziy savdo majmuasi» qurilish direksiyasi ish boshladi. Uning vazifasi tumandagi G‘alaba qishlog‘i Obod mahallasi hududida yangi buyum bozorini barpo qilish edi.

Qurilish direksiyasiga rahbar qilib tayinlangan Shuhrat Xaitbayev bozor hududidan do‘kon va'da qilib, tadbirkorlardan, bozordagi do‘koni buzilgan odamlardan pul yig‘ishni boshladi. Ularga bozor hududidan 24 kv.m. maydonli va qiymati 50 million 400 ming so‘mga baholangan do‘konlar uchun shartnomalar tarqatdi.

Rejaga muvofiq bozor quyidagi ko‘rinishda, ya'ni ikki qavatli zamonaviy do‘konlar, katta omborlar, avtobus bekati, avtomobillar turargohi, maishiy xizmat obektlaridan iborat yirik savdo majmuasi bo‘lishi lozim edi.

2017 yil mart-may oylari davomida Sh.Xaitbayev fuqarolardan to‘plangan mablag‘lar hisobiga bozor qurilishini boshlab yuborgan, hudud atrofi o‘rab olinib, do‘konlarning poydevori quyilgan. Ishning bir joydan siljishi tadbirkorlardan pul yig‘ish jarayonini tezlashtirgan.