Osiyo oʻyinlari kundaligi. Bir kunda 4 ta oltin qoʻlga kiritildi
|19:09 / 02.10.202627 5667 min
Jami oltinlar soni 20 taga yetdi va umumiy reytingdagi toʻrtinchi oʻrin mustahkamlandi.
Foto: Milliy olimpiya qoʻmitasi Muzaffarbek Toʻraboyev shohsupada boshqa sovrindorlar bilanFoto: Milliy olimpiya qoʻmitasi Muzaffarbek Toʻraboyev shohsupada boshqa sovrindorlar bilan
Oʻzbekiston delegatsiyasi Osiyo oʻyinlarining oʻn uchinchi kunida 12 ta sport boʻyicha musobaqalarda ishtirok etdi va jami 7 ta medal qoʻlga kiritdi (4 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza). Bu turnir davomida oltin medallar soni boʻyicha eng yaxshi natija qayd etilgan kun boʻldi.
Boks
Boks boʻyicha Oʻzbekiston erkaklar jamoasi bugun uchta vazn toifasida final janglarida ishtirok etdi.
Dastlab 90 kilogrammgacha boʻlgan vazn toifasida Toʻrabek Habibullayev xitoylik Huyejang Hanniga qarshi ringga koʻtarildi. Oʻzbekistonlik bokschi jangda toʻliq ustunlik qildi va hakamlar bir ovozdan uning gʻalabasini qayd etishdi (5:0).
Foto: Milliy olimpiya qoʻmitasi
Toʻrabek Habibullayev boshqa sovrindorlar bilan
60 kilogrammgacha boʻlgan vazn toifasida Abdumalik Halokov janubiy koreyalik Donghvang Jangga qarshi final jangini oʻtkazdi. Oʻzbekistonlik bokschi jang davomida toʻliq ustunlik qildi va ikkinchi raundda raqibni nokdaun holatiga ham tushirib qoʻydi.
Foto: Boks federatsiyasi
Abdumalik Halokovning final jangidagi vaziyat
Yakunda hakamlar uning gʻalabasini qayd etishdi (5:0) va Halokov ikki karra Osiyo oʻyinlari gʻolibiga aylandi.
Uchinchi finalda esa +90 kg vazn toifasida Jahongir Zokirov Qozogʻiston vakili Aybek Oʻralbayga magʻlub boʻldi (0:5) va kumush bilan kifoyalanadigan boʻldi.
Foto: Milliy olimpiya qoʻmitasi
Jahongir Zokirov boshqa sovrindorlar bilan
Shu tariqa, Oʻzbekiston boks jamoasi Osiyo oʻyinlarini 2 ta oltin, 1 ta kumush va 4 ta bronza medali bilan yakunladi.
Mavzuga oid
Dzyudo
Oʻzbekiston dzyudo jamoasi bugungi dasturda 5 nafar sportchi bilan ishtirok etib, bir oltin va bir kumush medal qoʻlga kiritdi.
+100 kg vazn toifasida Oʻzbekiston sharafini himoya qilgan Muzaffarbek Toʻraboyev kutilganidek delegatsiya uchun navbatdagi oltin medalni olib keldi. Oʻz vazn toifasida Osiyo va jahon chempioni, 2023-yilgi Osiyo oʻyinlari gʻolibi boʻlgan Toʻraboyev oʻz yoʻlida chiqqan barcha raqiblarni – tojikistonlik Mansur Rahmon, janubiy koreyalik Minjong Kim, moʻgʻulistonlik Gonchigsuren Bathuyag va yaponiyalik Hyoga Otani ippon bahosi bilan magʻlubiyatga uchratdi va ikki karra Osiyo oʻyinlari gʻolibiga aylandi.
100 kilogrammgacha boʻlgan vazn toifasida Ernazar Sarsenbayev ham muvaffaqiyatli ishtirok etdi. U turnirdagi ishtirokini tailandlik Kittipong Hantratinni ippon bahosi bilan magʻlub etishdan boshladi. Chorakfinalda qozogʻistonlik Marat Baykamurovni vazari bahosi bilan magʻlub etdi.
Ammo yarimfinalda yaponiyalik Ryotaro Masuchiga yuko bahosi bilan yutqazdi va oltin uchun kurashdan chiqdi. Shundan keyin bronza uchun kechgan bahsda xitoylik Fuchun Huangni ippon bahosi bilan taslim etdi.
90 kilogrammgacha boʻlgan vazn toifasida Nurbek Murtazoyev esa turnirni medalsiz yakunladi. U avvaliga tojikistonlik Shodmon Rizoyevni va eronlik Amir Abbos Choʻponni ippon bahosi bilan magʻlub etgandi, ammo yarimfinalda qirgʻizistonlik Erlan Sherovga yutqazib qoʻydi. Medal uchun bahsni esa xitoylik Ki Hanga boy berdi.
Ayollar oʻrtasida 78 kilogrammgacha boʻlgan vazn toifasida ishtirok etgan Barchinoy Qodirova avvaliga bangladeshlik Obonika Hassanni ippon bahosi bilan magʻlub etdi, ammo chorakfinalda yaponiyalik Mizuki Sugmuraga yutqazdi. Yaponiyalik sportchi finalgacha yetib bordi va Qodirovada bronza uchun kurashish imkoniyati tugʻildi, ammo u oʻtish bahsidayoq xitoylik Hangtao Vuga yutqazdi.
Jamoaning +78 kg vazn toifasidagi vakili Umida Nigʻmatova ilk bosqichdayoq yaponiyalik Miki Mukunokiga yutqazdi, yaponiyalik sportchi finalgacha yetib borgani tufayli Nigʻmatova bronza uchun kurashadigan boʻldi. U oʻtish bahsida tailandlik Tontan Satjadetni ippon bahosi bilan taslim etgandi, ammo medal uchun bahsni moʻgʻulistonlik Adiyasuren Amarsayxanga boy berdi.
Taekvondo
Taekvondo WT boʻyicha Oʻzbekiston jamoasi aʼzosi Jasurbek Jaysunov (-80 kg) Oʻzbekiston hisobiga 20-oltin medalni olib keldi. U yakkalik dasturidagi ishtiroki davomida nepallik Abhishek Baral (2:0), indoneziyalik Rayhon Fadila (2:0) va iordaniyalik Solih Alsharabatiy (2:0) ustidan gʻalaba qozondi, finalda esa tayvanlik sportchi Jiun-i Hungdan ham ustun keldi (2:1).
Ushbu sport turi boʻyicha navbatdagi medalni ayollar jamoasi vakili Ozoda Sobirjonova (-67 kg) taqdim etdi. U dastlabki bosqichda filippinlik Laylo Deloni (2:0), chorakfinalda tailandlik Sasikarn Tongchanni (2:1), yarimfinalda janubiy koreyalik Min Ju Kvakni magʻlub etgandi (2:0), ammo hal qiluvchi bahsda eronlik Sagʻar Murodiy Sheyxlariga imkoniyatni boy berdi (0:2) va kumush medal bilan kifoyalandi.
58 kilogrammgacha vazn toifasida ishtirok etgan Asadbek Samandarov esa ilk bosqichdayoq yaponiyalik Hidetaka Maedaga yutqazib qoʻydi (0:2).
Erkin kurash
Shu kuni erkin kurash boʻyicha Oʻzbekiston jamoasining 5 nafar vakili oʻz kuchini sinab koʻrdi va birortasi medal qoʻlga kirita olmadi.
Dastlab 65 kilogrammgacha vazn toifasida gilamga chiqqan Umidjon Jalolov KXDR vakili Kvang Jin Kimga yutqazdi (0:2), koreyalik sportchi finalga chiqmadi va Jalolovda ikkinchi imkoniyat boʻlmadi.
-86 kg vazn toifasida ishtirok etgan Bobur Islomov esa nepallik Patelni magʻlub etib (10:0), birinchi bosqichdan oʻtgandi. Ammo chorakfinalda qirgʻizistonlik kurashchi Malik Shavayevga imkoniyatni boy berdi (2:10). Shavayev finalgacha bora olmagani tufayli Islomovda bronza uchun kurashish imkoniyati yuzaga kelmadi.
-125 kg vazn toifasida Hasanboy Rahimov ilk bosqichdayoq qozogʻistonlik Qosimbek Yedigeyga yutqazdi (4:14). Qozogʻiston vakili finalgacha yetib bora olmadi va Rahimovda bronza medal uchun kurashish imkoni tugʻilmadi.
Ayollar kurashi boʻyicha 50 kilogrammgacha boʻlgan vazn toifasida Oʻzbekiston sharafini himoya qilgan Aktenge Keunimjayeva Shri-Lanka va Vetnamdan kelgan raqiblarni yengib, yarimfinalgacha borgandi. Ammo final ostonasida KXDR vakili Son Hyong Kimga yutqazib (0:11) qoʻydi. Bronza uchun bahsda esa xitoylik Ziki Fengga magʻlub boʻldi (0:10).
76 kilogrammgacha boʻlgan vazn toifasida qatnashgan Sevinchoy Polvonova birinchi bahsdayoq Yaponiya vakili Yuka Kagamiga magʻlub boʻldi (0:10), yaponiyalik kurashchi finalga yetib borgach, Polvonovada bronza uchun kurashish imkoniyati boʻldi. Ammo u bu imkoniyatdan ham foydalana olmadi va qirgʻizistonlik Aypari Medet qiziga yutqazdi (0:10).
Velotrek
Velotrek bahslarida Oʻzbekiston vakillari bronza medaliga sazovor boʻlishdi. Erkaklar oʻrtasida medison dasturida qatnashgan Sergey Rostovsev hamda Nikita Svetkov juftligi 45 ochko bilan uchinchi oʻrinni egalladi.
Tennis
Tennis boʻyicha Oʻzbekiston jamoasi aʼzosi Humoyun Sultonov ushbu Osiyo oʻyinlarini bronza medali bilan yakunladi. Yakkalik dasturida qatnashgan sportchi yarim finalda Hongkong vakiliga imkoniyatni boy berdi va bronza medali bilan taqdirlandi.
Oʻzbekiston delegatsiyasi bugungi bahslardan keyin 20 ta oltin, 23 ta kumush va 22 ta bronza (jami 65 medal) bilan toʻrtinchi oʻrinda mustahkam joylashgan.