Yozning eng shov-shuvli transfer afsonasi yakunlandi. Barcha tomonlar norozi bo‘lsa-da, Neymar faoliyatini «PSJ»da davom ettiradigan bo‘ldi.
2017 yil avgustida minglab fanatlar futbol transferi mo‘jizasini ko‘rish uchun Parij ko‘chalariga chiqishgandi. Sayyoraning eng mashhur futbolchilaridan biri bo‘lgan Neymar rekord narx evaziga «Pari Sen-Jyermen»ga o‘tgan, shayxlar uning uchun 222 million yevro to‘lashgandi. O‘shanda bu transfer uddalab bo‘lmas ishdek ko‘ringandi, bu bolalar ertaklarining ro‘yobga chiqishi edi, go‘yo. Bu ertakka hatto UYeFA ishongandi: ishondi va — moliyaviy feyr-pley uchun jamoani jazolamadi, garchi «PSJ» doiradan chiqib ketgan bo‘lsa-da. Mo‘jizaga faqat shayxlar ishonishmagandi. Ular har ehtimolga qarshi Neymarning shartnomasiga axloq bo‘yicha alohida bandlar kiritishdi. Braziliyalik futbolchi odobli bola bo‘lishi, jamoada guruhbozlik qilmasligi, fanatlarga hamisha jilmayib qarashi va hech qanaqasiga «Pari Sen-Jyermen» klubi imijiga zarar keltirmasligi kerak edi.

Lekin Neymar xuddi «Barselona»ga sadoqat uchun bonuslarni oqlamaganidek, parijliklar klubida ham bunday bonuslarga munosib bo‘lmadi.
Jarohatlar va ziddiyatlar
Neymar diqqat markazida bo‘lishi kutilgandi va shunday bo‘ldi ham. Ammo shayxlar istaganidek emas. Parijdagi ikki yil mobaynida braziliyalik futbolchi hakamlarni so‘kdi, muxlislar bilan janjallashdi, boshqa jamoa futbolchilari bilan ham jiqqamusht bo‘ldi. U o‘zini asosiy penaltist qilishni talab qilib parijliklar klubi kiyim almashtirish xonasidagi muhitni ham buzdi. Klub futbolchilari har safar raqib darvozasi tomon jarima zarbasi belgilanganda g‘amgin holga tushib, Kavani va Neymar to‘p uchun qanday talashayotganini kuzatishardi. O‘yinlardan keyin esa braziliyalik futbolchi matbuotda o‘zini tushunmayotganliklari haqida jar solardi. Bundan tashqari, uning qiliqlari joniga tekkan raqiblar maydonda tez-tez Neymarning oyoqlariga tepishardi. Oqibatda — ko‘p sonli jarohatlar tufayli u parijliklarning o‘yinlarining uchdan bir qismida ishtirok etmadi.

Qatorasiga ikki mavsumda klub Neymarsiz Chempionlar ligasini tark etdi. Bu 2016 yilda braziliyalik futbolchi «Barselona» tarkibida o‘ynab, «PSJ»ni turnirdan chiqarib yuborganidan ko‘ra xunukroq manzara edi. Axir shayxlar «Manchester Yunayted»ga yutqazib turnirdan chiqib ketish yoki hamisha cho‘loqlanib yuradigan Neymarga katta maoshlar to‘lash uchun loyihaga katta pullar tikishmagandi.















