Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida yangi Soliq kodeksi loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e'lon qilingani xabar berilgandi.

293-moddaga (Elektron shakldagi xizmatlar ko‘rsatish chog‘ida chet ellik yuridik shaxslar tomonidan hisobotlarni taqdim etish va soliq to‘lash) ko‘ra, soliq hisoboti chet ellik yuridik shaxslar tomonidan soliq organiga soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali belgilangan format bo‘yicha elektron shaklda taqdim etiladi.

Ushbu chet ellik yuridik shaxslar tomonidan soliq organiga hujjatlarni (axborotni) va ma'lumotlarni taqdim etish uchun soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetidan foydalanish mumkin bo‘lmagan davrda bunday hujjatlar (axborot) va ma'lumotlar telekommunikatsiya aloqa kanallari orqali taqdim etiladi.

Soliq hisobotlari, hujjatlar (axborot) va ma'lumotlar o‘tgan soliq davridan keyingi oyning 15-kunidan kechiktirmay taqdim etiladi.

Chet ellik yuridik shaxslar tomonidan soliqni to‘lash soliq hisobotini taqdim etish muddatidan kechiktirmay amalga oshiriladi.

Ushbu bo‘limni qo‘llash maqsadlarida axborot texnologiyalaridan foydalangan holda jahon Internet axborot-telekommunikatsiya tarmog‘idan avtomatik usulda foydalanish orqali ko‘rsatilgan xizmatlar elektron shakldagi xizmatlar jumlasiga kiradi. Elektron shakldagi xizmatlar jumlasiga quyidagilar kiradi:

dasturiy ta'minotdan (shu jumladan Internet tarmog‘i orqali yetkazib beriladigan o‘yinlardan), ma'lumotlar bazalaridan, ularga kiritiladigan yangi ma'lumotlardan va qo‘shimcha funksional imkoniyatlardan Internet tarmog‘i orqali, shu jumladan ulardan masofadan turib foydalanish imkonini berish yo‘li bilan foydalanishga doir huquqlar taqdim etish;

elektron kitoblardan (nashrlardan) va boshqa elektron nashrlardan, axborot, ta'limga oid materiallardan, grafik tasvirlardan, matnli yoki matnsiz musiqa asarlaridan, audiovizual asarlardan foydalanish huquqini Internet tarmog‘i orqali, shu jumladan Internet tarmog‘i orqali ko‘rib chiqish yoki eshitish uchun ulardan masofadan turib foydalanish imkonini berish yo‘li bilan taqdim etish;

Internet tarmog‘ida, shu jumladan elektron hisoblash mashinalari uchun dasturlardan va Internetda ishlab turgan ma'lumotlar bazalaridan foydalangan holda reklamaga oid xizmatlar ko‘rsatish, shuningdek Internet tarmog‘ida reklama uchun reklamaga oid maydon (joy) va vaqt berish;