Soliqlar sonini kamaytirishdan tashqari, Soliq kodeksining yangi tahriri insofli soliq to‘lovchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan, deb yozmoqda Norma.
Taqdim etilgan loyihada O‘zbekiston Respublikasining Soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasiga muvofiq soliq qonunchiligi normalarining qo‘llanishi maksimal darajada soddalashtirilgan. Buning uchun:
• soliq va boshqa majburiy to‘lovlar soni qisqartirilgan;
• bozorlar, qishloq xo‘jaligi tovarlarini ishlab chiqaruvchilar, advokatlik byurolari va firmalari, shuningdek gastrol-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslar uchun maxsus soliq rejimlari bekor qilingan. Soddalashtirilgan soliq rejimlarining umumiy soni 3 tadan 1 tagacha kamaygan;
• davlat boji, ayrim turdagi tovarlarni (alkogolli mahsulotlar) sotish huquqi uchun yig‘imlar to‘lanishini tartibga soluvchi bo‘limlar Soliq kodeksi tarkibidan chiqarilgan;
• Soliq kodeksidagi moddalar soni ko‘paygan, soliqlarni tartibga solishdagi kamchiliklar bartaraf etilgan, qo‘llaniladigan atamalar yanada to‘liq tushuntirilgan. Bu ularni amaliyotda qo‘llash chog‘ida nizoli vaziyatlar soni kamayishiga olib keladi.
Yangi tahrirdagi Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarning aksariyat qismi insofli soliq to‘lovchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini kuchaytirishga yo‘naltirilgan. Xususan:
• soliqning “manfiy” summasini budjetdan qoplash hisobiga qo‘shilgan qiymat solig‘ining tadbirkorlik sub'yektlarining moliya-xo‘jalik faoliyatiga ta'sirining “neytrallashtirilishi” ta'minlandi, bu qo‘shimcha budjet xarajatlarini talab etadi. Shuningdek, asosiy vosita obektlarini, shu jumladan ko‘chmas mulk obektlarini xarid qilish (barpo etish) chog‘ida QQSning bir yo‘la hisobga olinishi joriy etilmoqda. Ayni paytda u teng ulushlarda ketma-ket keluvchi 12 oy davomida, ko‘chmas mulk obektlari bo‘yicha esa 36 oy davomida amalga oshirilmoqda;
• soliq to‘lovchilar texnologik asbob-uskunalarni yoki ko‘chmas mulk obektlarini xarid qilishda bir yo‘la amortizatsiya chegirmalari qila oladilar;
• foyda solig‘i bo‘yicha avans to‘lovlari yuzasidan ma'lumotnomalar bekor qilinmoqda. Avans to‘lovlarini faqat yirik soliq to‘lovchilar hisoblaydi;















