O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi.
Hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 yil 17 avgustda qabul qilingan, Senat tomonidan 2019 yil 23 avgustda ma'qullangan.
Qonunga ko‘ra, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini ta'minlashning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
qonuniylik;
demokratizm;
xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi;
jins bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘yilmasligi;
ochiqlik va shaffoflik.
Xotin-qizlar va erkaklar davlat tomonidan kafolatlangan teng huquq hamda imkoniyatlarga ega bo‘ladi.
Quyidagilar jins bo‘yicha kamsitish hisoblanmaydi:
bola tug‘ish va ona suti bilan oziqlantirish vazifalari bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishda farqlarni belgilash;
qonunda belgilangan tartibda muddatli harbiy xizmatga chaqirish;
ushbu Qonun asosida gender siyosati amalga oshirilishini ta'minlashga doir vaqtinchalik maxsus choralar ko‘rish;
xotin-qizlar va erkaklar mehnatini muhofaza qilishda ularning reproduktiv salomatligini saqlash xususiyatlari;
majburiyatlar faqat muayyan jinsdagi shaxslar tomonidan bajarilishi mumkinligiga asoslangan holda kasbiy malakaga doir tavsiyalar berish;
qamoqda saqlash, jazoni ijro etish joylarida saqlash tartibi va shartlarini hamda huquqiy jihatdan ta'sir ko‘rsatishning boshqa choralarini tartibga solishda farqlarni belgilash;
xotin-qizlarning jamiyatdagi ijtimoiy mavqeini mustahkamlashga, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta'minlashga qaratilgan ijobiy choralar.
Davlat xotin-qizlar va erkaklarga shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni amalga oshirish chog‘ida teng huquqlilikni kafolatlaydi.
Davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, saylov jarayonida teng ishtirok etishni, sog‘liqni saqlash, ta'lim, fan, madaniyat, mehnat va ijtimoiy himoya sohalarida, shuningdek davlat va jamiyat hayotining boshqa sohalarida teng huquq hamda imkoniyatlar ta'minlanishini kafolatlaydi.















