Bilim va malakalarni baholash agentligining mandat saytida imtiyozli toifadagi abituriyentlar uchun 2026-yilgi o‘tish ballari e’lon qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tavsiyanoma olgan ehtiyojmand xotin-qizlar uchun ajratilgan kvota bo‘yicha ayrim hududlarda o‘tish ballari 2025-yilga nisbatan sezilarli darajada ko‘tarilgan.
Eng katta o‘sish Sirdaryo viloyatining texnika sohasida qayd etilgan. Bu yerda o‘tish bali o‘tgan yilga nisbatan 49,2 ballga oshgan.
Shuningdek, Toshkent shahrida tibbiyot sohasi bo‘yicha o‘tish bali 44,5 ballga, Samarqand viloyatida texnika sohasida 34,1 ballga, Namanganda texnika sohasida 32 ballga ko‘tarilgan.
Surxondaryo viloyatida texnika yo‘nalishlari bo‘yicha o‘sish 31,1 ballni, Navoiy viloyatida tibbiyot sohasida esa 28,1 ballni tashkil etgan.
Ayrim hududlarda esa, aksincha, o‘tish ballari pasaygan. Eng katta pasayish Jizzax viloyatining tibbiyot sohasida kuzatilgan - 31,1 ball. 2025-yilda ushbu yo‘nalishda o‘tish bali 119,1 ball bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilda 88 balldan yuqori natija qayd etgan 63 nafar jizzaxlik abituriyent qiz grant asosida o‘qishga qabul qilingan.
Shuningdek, Toshkent shahrida texnika sohasi bo‘yicha o‘tish bali 29,8 ballga, Toshkent viloyatida tibbiyot bo‘yicha 27,1 ballga, Qoraqalpog‘istonda tibbiyot sohasida 26,6 ballga pasaygan.
Ayni paytda tavsiyanoma abituriyentning test natijasiga qo‘shimcha ball bermasligini eslatib o‘tish lozim. Ushbu imtiyoz belgilangan alohida kvota doirasida tanlovda ishtirok etish imkonini beradi.
Shu bois tavsiyanomaga ega abituriyent belgilangan o‘tish balidan past natija qayd etgan bo‘lsa, imtiyoz mavjudligi uni avtomatik ravishda talabalikka qabul qilishni anglatmaydi.









