Milanning «Inter» klubi joriy mavsumni juda yaxshi boshladi. Antonio Konte murabbiyligidagi ko‘k-qoralar yozda amalga oshirilgan transferlar samarasini maydonda ko‘rsatishmoqda. So‘nggi vaqtlarda «Inter» deganda ko‘pchilikning ko‘z oldiga Ikardi yoki Vanda Nara  kelayotgandi, hozir esa muxlislar Konte tuzayotgan jamoaning chiroyli o‘yin ko‘rsatayotgani haqida baralla gapirishmoqda.

«Inter» mavsumni shunchalik yaxshi boshladiki, Ikardi «PSJ»ga o‘tganini ko‘pchilik sezmay ham qoldi. Konte uzoq yillardan buyon yuqori darajada o‘ynashga qiynalayotgan «Inter»ni qanday qilib kuchaytira oldi? Yoki bu vaqtinchalik holatmi?

«Inter» chinakam kuchli murabbiyni qo‘lga kiritdi

«Inter»ni so‘nggi yillarda kimlar boshqarganiga e'tibor bering: Valter Madzarri, Roberto Manchini, Frank de Bur, Stefano Vekki, Stefano Pioli va Luchano Spalletti. Ularning barchasi kuchli murabbiylar, ammo ular faoliyatining cho‘qqisida «Inter»ga kelishmadi. Har qancha g‘alati bo‘lsa-da, murabbiylarda ham futbolchilarda bo‘lgani kabi qanday formada ekani muhim. Ana shu jihatdan Konte ayni damda yaxshi «sport formasida» deyish mumkin.

Italiyada qadr topib, «Yuventus»ni yengilmas jamoaga aylantirib ketgan murabbiy Angliyaga borib birinchi urinishdayoq Premer-Ligani yutib, kuchli murabbiy ekanini isbotladi. «Chelsi»dan ketishidan avval ham Konte Angliya Kubogida g‘olib bo‘ldi. Angliyada ochiqchasiga uning qadriga yetishmadi va Konte Italiyaga qaysidir ma'noda futbolni sog‘inib qaytdi. Futbolga chanqoq murabbiyning g‘alabalarga, sovrinlarga chanqoq jamoani qabul qilib olishi esa «Inter»ning shijoatini yanada oshirdi.

Bugun «Inter»da odamlarga nimanidir isbotlashni xohlayotganlar yig‘ilgan desak, xato bo‘lmaydi. Konte hamon Italiya futbolida tengsiz murabbiy ekanini, Lukaku faqat o‘rtamiyonalarga gol uradigan hujumchi emasligini, Sanches instagramga itlari bilan tushgan suratlarini joylashdan boshqa ishlarni ham qila olishini, Lautaro Martines Argentinada Messidan boshqa hujumchilar ham borligini, Godin hali «nafaqaga chiqmagani»ni isbotlashni xohlaydi. «Inter» esa hamon katta klub ekanini ko‘rsatishni maqsad qilgan. Bunday katta motivatsiyasi bor jamoa yo‘lida uchragan barcha jamoalarni yengishga qodir.

Aqlli transferlar

Konteni ko‘pchilik qo‘pol murabbiy deb biladi, ammo aslida bunday emas. Agar Konte futbolchilar bilan muomala qilishni bilmaganida, bugungi tarkib bilan solishtirganda ancha kamtar bo‘lgan «Yuventus»ni A Seriyada yengilmas jamoaga aylantira olmagan bo‘lardi. Lukaku va Sancheslar «MYu»dek klubni tashlab aynan Konte uchun «Inter»ga kelishdi. Esingizda bo‘lsa, Antonio «MYu»ni boshqarishni xohlashini yashirmagandi. Balki shu uchundir bu ikki futbolchini o‘zining yangi jamoasiga olib kelgandir. Lukaku 65 million yevro evaziga transfer qilindi, Sanches esa hozircha ijaraga olingan.