«Bekorga oʻqituvchilikni tanlabman», deb yigʻlagan ustoz
26 yillik pedagogik faoliyati davomida ustoz koʻplab oʻquvchilar bilan ishladi. Ammo bir oʻquvchisi bilan bogʻliq voqea uning xotirasida alohida qolgan.
«Bir oʻquvchim ranglarni ham ajrata olmasdi. Uni bir hafta davomida alohida oʻtirib, ranglarni tanishga oʻrgatdim. Bolaning oʻzlashtirishi uchun qoʻlimdan kelganicha harakat qildim. Lekin ota-onasi kelib, “oʻgʻlimga qattiqqoʻllik qilyapsiz”, “oʻgʻlimni qoʻrqitib qoʻygansiz”, degan gaplarni aytdi. Bu menga juda ogʻir botdi. Chunki shu paytgacha 26 yil davomida bunday oʻquvchini ham, bunday ota-onani ham uchratmagan edim».
Bu voqea uni bir muddat kasbidan voz kechish haqida oʻylashga majbur qildi. Ammo bolalarga boʻlgan mehri va kasbiga sadoqati ustun keldi. Ustoz bugun ham ota-ona va oʻqituvchi oʻrtasidagi tushunish muhimligini taʼkidlaydi.
«Oʻzimiz farzandimizdan ortiq mehrni, oʻzimiz farzandimizdan ortiq vaqtni boshqa odamlarning farzandiga bagʻishlaymiz», - deydi u.
«Har doim bolaning yonida boʻlish kerak»
Oʻqituvchi uchun bolaning faqat darsdagi oʻzlashtirishi emas, uning qanday muhitda ulgʻayayotgani ham muhim. Suhbatdosh ustozning aytishicha, baʼzan yaxshi, odobli va aqlli bolaning ortida sogʻlom boʻlmagan oilaviy muhit va qoʻrquv yashirin boʻlishi mumkin.
«Shunaqa vaziyatlar boʻladi: sogʻlom muhitda katta boʻlmagan farzandlar uchraydi. Har bitta bola sogʻlom muhitda katta boʻlishga va har qanday imkoniyatdan foydalanishga haqli. Bola yaxshi, odobli, aqlli, lekin muhiti sogʻlom emas. U shu muhitda katta boʻlyapti, lekin unda qoʻrquv bor. Ana shu qoʻrquvni bartaraf qilish, bolaga yordam berish kerak. Bolaning oʻzi bilan oilasi haqida gaplashib koʻrganman. “Seni hech kim urmaydimi, xafa qilmaydimi?” deb soʻraganman. Shunaqa bolalarni koʻrganda yigʻlagim keladi. Bolalarni qoʻllash, ularni eshita olish kerak. Har doim bolaning yonida boʻlish kerak», - deydi ustoz.
«Mehrsiz oʻsayotgan bolalarga juda achinaman»
Ustozning aytishicha, oʻqituvchilikdagi eng ogʻir jihatlardan biri - baʼzi ota-onalar farzandi tarbiyasi va taʼlimidagi masʼuliyatni toʻliq oʻqituvchi zimmasiga yuklashi. Bu esa vaqt-vaqti bilan tushunmovchiliklarga sabab boʻladi.







