Joriy yilning 4 sentabr kuni mamlakatda faoliyat yuritayotgan 9904 ta davlat umumta'lim muassasalarida 2019-2020 o‘quv yili boshlanadi. Ta'kidlash joizki, mazkur o‘quv yilida maktablar o‘tgan o‘quv yiliga nisbatan 213 taga ko‘paydi, deb xabar bermoqda Xalq ta'limi vazirligi.

4 sentabr kuni respublikaning barcha umumta'lim maktablarida yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan “Bilimlar kuni” tadbirlari bo‘lib o‘tadi. Barcha umumta'lim maktablarida “Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!” shiori ostida mustaqillik darslari tashkil etiladi.

Mazkur darslarni ta'lim muassasalarida yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha mutaxassislar tomonidan uslubiy tavsiya, dars ishlanmasi va slayd-taqdimoti tayyorlanib, yurtimizdagi barcha ta'lim muassasalariga yetkazildi.

Joriy yilda 937 ta maktabda investitsiya va boshqa davlat dasturi doirasida qurilish-ta'mirlash ishlari amalga oshirilib, buning uchun 2,86 trln so‘m mablag‘ sarflandi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga (1,47 trln so‘m) nisbatan qariyb ikki baravarga ko‘p demakdir. Shuning o‘zi maktablarga qanchalik yuksak e'tibor berilayotganligidan dalolatdir.

Ta'lim sifati nisbatan yuqori bo‘lgan ta'lim muassasalari tajribasini boshqa umumta'lim maktablarida joriy etish maqsadida namunali maktablar negizida 71 ta tarmoq maktablari tashkil etildi.

Faoliyatini tugatayotgan 383 ta kasb-hunar kollejlarining binosi (shundan 154 tasi yangi maktab, 229 tasi qo‘shimcha bino) maktablarga berilishi natijasida qo‘shimcha 224 mingdan ortiq o‘quvchi o‘rinlari yaratildi.

Investitsiya dasturi doirasida 53 ta umumiy o‘rta ta'lim maktablari yangi qurilish va 210 tasini rekonstruksiya qilish hisobiga jami 646 ta maktablarda belgilangan me'yorlarga nisbatan sig‘imi 1,5 koeffitsiyentgacha tushishiga erishildi. Bu esa o‘z navbatida o‘quvchilar uchun sharoitlarni yanada yaxshilab, ta'lim sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Umumta'lim maktablarini jihozlash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 10 avgustdagi 671-f-son farmoyishi qabul qilingan bo‘lib, ushbu hujjatga asosan, 2019 yilda 533 ta umumta'lim ta'lim maktablari 68 292 to‘plam parta (1 dona parta, 2 dona stul), 6 614 ta o‘qituvchi stoli, 7 995 o‘qituvchilar stuli, 4 838 ta sinf doskasi, 115 to‘plam fizika laboratoriyasi, 117 to‘plam kimyo laboratoriyasi, 118 to‘plam biologiya laboratoriyasi, 80 ta faollar zali, 72 ta o‘quv ustaxona, 340 ta ma'muriy-metodik xona (shundan 90 tasi kutubxona), 27 ta sport zal, 86 ta oshxona jihozlari bilan ta'minlanishi rejalashtirilgan. Hozirgi kunda jihozlar bosqichma-bosqich maktablarga yetkazilmoqda.