Angliyalik yirik siyosat arbobi, Britaniya parlamenti lordlar palatasi a'zosi, multimillioner Muhammad Iltaf Shayx hamda uning samarqandlik rafiqasi Guli Murodova nomi ko‘pchilikka yaxshi tanish. Ularning muhabbat rishtalari va nikoh to‘yi o‘zbek matbuoti hamda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan.
Mazkur juftlik orasidagi 44 yillik farq ba'zilarda shubha uyg‘otishiga qaramay, baxtli hayot kechirishyapti. Ular O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish niyatida turizm va investitsiya sohasiga oid bir qancha loyihalarni ham ommaga keng tatbiq etishmoqda. Ayni paytda O‘zbekistonda mehmon bo‘lib turgan Guli xonim Shayx bilan suhbatlashib, o‘zimizni qiziqtirgan qator savollarga javob oldik.
Guli Murodova avgust oyi oxirida turmush o‘rtog‘i bilan Samarqandda bo‘lib o‘tgan «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivali sabab O‘zbekistonga tashrif buyurgandi. U intervyu davomida o‘zining bir qancha loyihalarini yo‘lga qo‘yish ustida jiddiy ish olib borayotgani haqida ham gapirdi.
«Umr yo‘ldoshim bilan maslahatlashgan holda ona yurtimga investitsiya olib kirishga qaror qildik. Ayni paytda Toshkentda tashkil etilgan ingliz tilini o‘rgatuvchi London Collage of English kurslarimiz o‘z faoliyatini boshlash arafasida. Maqsadimiz o‘zbekistonliklarga ingliz tilini mukammal o‘rgatish va ularning malakasini oshirish. Darslar to‘liq ingliz tilida olib boriladi. Shu bois Angliyadan yetarli tajribaga ega o‘qituvchilarni taklif etmoqchimiz.
Shuningdek, O‘zbekistonda imkoniyati cheklangan va boquvchisini yo‘qotgan bolalar uchun oilaviy xayriya fondini tashkil qilish ham rejamizda bor. O‘quv kurslaridan tushgan mablag‘larning ma'lum miqdorini shu fondga yo‘naltirmoqchimiz. Lord Shayx hozirda Amir Temur haqida kitob yozmoqda. Kitob sotuvidan kelgan pullarning ham ma'lum qismini fondga o‘tkazamiz. Bundan tashqari, nogironligi bor bolajonlar uchun bepul kurslar tashkil qilamiz. Ularga yordam qo‘lini cho‘zish bosh maqsadimiz», - deydi Guli xonim Shayx.
Suhbatdoshimiz muloqot davomida Londonda o‘zbek madaniyatini targ‘ib qilishda amalga oshirayotgan ishlarini ham aytib o‘tdi. U turmush o‘rtog‘i ko‘magida «Silk Road Global» kompaniyasiga asos solgan. O‘zbek milliy hunarmandchilik va qo‘l ishi mehnati bilan yaratilgan asarlarni internet orqali sotmoqda. «Yaqinda Londonda bo‘lib o‘tgan yirik festivalga taklif qilishdi. Besh kunlik tadbirda angliyaliklar o‘zbek hunarmandlarining ijod namunalarini e'tirof etishdi. Bu borada olib borayotgan kichik xizmatlarimni yuqori baholab, «Biznes ledi» sovrini bilan taqdirlashdi. Bundan o‘zbek qizi sifatida juda g‘ururlandim», - deydi u.












