O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu yilning 16 fevral kuni Buxoro viloyatiga tashrifi davomida Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasini ziyorat qilib, o‘tgan qisqa fursatda O‘zbekistonda diniy-ma'rifiy sohada katta islohotlar, ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bergani, O‘zbekiston Islom akademiyasi, Mir Arab oliy madrasasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etilgani, galdagi vazifa – ushbu tuzilmalar bilan xalqaro markazlar o‘rtasida ilmiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish, xalqaro konferensiyalar o‘tkazish, buyuk ajdodlarimiz merosini dunyo bo‘ylab keng targ‘ib etish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.
Ana shu maqsadda, Buyuk Britaniyaga safar qilgan O‘zbekistonning yetakchi islomshunos va sharqshunos olimlaridan iborat delegatsiya Britaniya ilmiy doiralari, ta'lim va madaniyat muassasalari vakillari, ziyolilar, diniy soha namoyandalari bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazmoqda.
Jumladan, joriy yilning 1 mart sanasida O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasida bo‘lib o‘tgan tadbirda ushbu mamlakatning yirik siyosat arbobi, Parlamentning Lordlar palatasi vakili lord Muhammad Iltaf Shayx boshchiligida ko‘hna qit'adagi naqshbandiylik tariqati vakillari, ulamolar, turistik kompaniya mutasaddilari qatnashdi. Uchrashuvda O‘zbekistonda diniy-ma'rifiy sohada ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlar, ziyorat turizmini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, xususan, halol standartning joriy etilgani, mamlakatdagi tabarruk manzillarda sayyohlar uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar xususida ma'lumot berildi. “O‘zbekiston – islom madaniyati javohiri” mavzusidagi taqdimot va film namoyishi bo‘lib o‘tdi.

Lord Muhammad Iltaf Shayx O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma'rifiy yo‘nalishlardagi islohotlar mamlakat xalqaro nufuzining yanada yuksalishiga, turli sohalarda O‘zbekistonning do‘stlari va ishonchli hamkorlari soni ortishiga xizmat qilayotganini qayd etdi.
“O‘zbekiston islom madaniyati, fani rivojiga ulkan hissa qo‘shgan. Agar Ulug‘bek hozir hayot bo‘lganida o‘zbeklar birinchi bo‘lib oyga safar qilgan bo‘lardi. Al-Xorazmiy bo‘lmaganida zamonaviy texnologiyalar ham bo‘lmas edi. Ibn Sino asarlari asosida hozir Yevropa tibbiyotni o‘rganmoqda. Biz radikallashuvga O‘zbekiston madaniyati bilan qarshi kurashishimiz kerak. Sizlar Imom Buxoriy hadislarini ingliz tiliga tarjima qilib, sharhlab bering. Biz bu kitoblar bilan jaholatga qarshi kurashamiz”, - deydi lord Muhammad Iltaf Shayx.











