Tabiiy gazlangan suvlar qadim zamonlardan ma'lum bo‘lib, tabiblar undan davolash maqsadlarida foydalanib kelishgan. Mashhur yunon tabibi Gippokrat ham bu suvdan ichishni va unda cho‘milishni tavsiya qilgan. ⅩⅧ asrda mineral suvlar shisha idishlarga quyilib, sotila boshlandi. Biroq, u ancha qimmat bo‘lib, qolaversa, juda tez o‘zgarar edi. Shu boisdan ham, keyinchalik, bu suvlarni sun'iy ravishda gazlashtirishga urinish holatlari kuzatildi.

Gazlangan suvni ilk bor 1767 yilda kimyogar J.Pristli kashf etdi. Bunday suvlarni sanoat darajasida ishlab chiqishni Yakob Shvell yo‘lga qo‘ydi. U gazlangan suvni ishlab chiqaruvchi sanoat qurilmalarini yaratdi. ⅩⅨ asrdan u suvni gazlashtirish uchun oddiy oshxona sodasi va tabiiy gazlangan suvdan foydalandi, bu ishlab chiqarish tannarxini arzonlashtirdi.

Keling, vaqtni ko‘p olmaslik maqsadida gazlangan suvlarning inson salomatligiga qanchalik zararli yoki foydali ekanini ko‘rib chiqsak. Xo‘sh, hozirgi kunda ishlab chiqarilayotgan gazli ichimliklar tabiatda gazli holda chiqadigan, Gippokrat davolashda ishlatgan suvlar kabi foydalimi yoki bu inson salomatligiga xavfli? Bu masala bo‘yicha Rossiya davlatining «Rospotrebnadzor» tashkiloti tomonidan taqdim etilgan ma'lumotni e'tiboringizga havola etamiz. Xulosa chiqarish esa, albatta, iste'molchiga havola.

Gazlangan suv tarkibidagi karbonat angidrid gaz holida inson salomatligiga zararli bo‘lmasa-da, suv bilan qo‘shilganda sog‘liq uchun zararli hisoblanadi. Nega deganda, gazning suv bilan reaksiyasi natijasida oshqozon va ovqat hazm qilish tizimi uchun xavfli hisoblanib, shamollash jarayonlarini keltirib chiqaradi.

Yaxshiyamki, bu kislota tezda parchalanadi, biroq oshqozonda uzoq vaqt saqlanib qoladi. Gaz oshqozonga tushganida – hazm qilish va o‘zlashtirish buzilishiga, oshqozonga tushgan taomning turib qolishiga olib kelishi mumkin. Ta'kidlash o‘rinliki, gazlangan ichimliklarni kichik yoshdagi bolalar kundalik taomlari ro‘yxatidan butunlay chiqarib tashlash zarur. Karbonat angidrid konservant hisoblanadi va qadoqlarda Ye290 sifatida belgilanadi. Shu o‘rinda gazlangan suvlarning iste'moliga doir yana bir jihat borki, agar gazlangan suv tanani elektrolitlar bilan boyitadi. Shu bilan uni mutlaq zararli deb bo‘lmaydi.

Ammo, shirin gazlangan ichimliklarni ichish salbiy oqibatlarga olib kelishi aniq. Gazlangan ichimliklar tarkibiga kiruvchi natriy benzoat oziq-ovqat mahsulotlarida konservant sifatida qo‘llaniladi. Natriy tarkibli konservantlar organizmdagi kaliy miqdorini kamaytiradi. Shirin gazlangan ichimliklar tarkibidagi shakar va kislota esa, tish emal qatlamini parchalaydi. Kariyes tish ildizi, negizi va asab tolasiga yetganida tish parchalanadi. Aksariyat shirin gazlangan ichimliklar tarkibida makkajo‘xori siropi ko‘p miqdorda bo‘lib, u ikkinchi tipdagi qandli diabet yoki yurak bilan bog‘liq xastaliklarni keltirib chiqarishga sabab bo‘lishi mumkin. Gazli shirin ichimliklar iste'molini sevuvchilarning 80 foizida qandli diabetni orttirishi ehtimoli yuqori bo‘ladi.