14:57 / 18.03.2019
32504

Olimlar gazlangan ichimliklar va erta o‘limlar orasidagi bog‘liqlikni aniqlashdi

Foto: Pixabay

Ko‘p miqdorda gazlangan va shirin ichimliklar ichish yurak va qon-tomir kasalliklari hamda saratondan erta o‘lish ehtimolini sezilarli ravishda oshiradi. Bu haqda Circulation jurnalida ma'lum qilindi.

"Kuzatuvlarimiz sayyoraning barcha aholisi umrni uzaytirish va salomatlikni yaxshilash uchun hamma turdagi shirin ichimliklardan voz kechib, oddiy suvga o‘tishlari kerakligini yana bir isbotladi", — deydi Garvard universiteti olimi Vasanti Malik.

Malik va uning hamkasblari 1980-2014 yillar oralig‘ida o‘tkazilgan tadqiqot natijalaridan kelib chiqib yurak va qon-tomir kasalliklari kelib chiqishi hamda ular sababli o‘lim holatlari yuz berishining asosiy sabablaridan biri ko‘p miqdorda shirin ichimliklar ichish ekanligini tasdiqlashdi.

Tadqiqotlarda yuz mingdan ortiq malakali tibbiyot mutaxassislari ishtirok etishgan.

Ma'lum bo‘lishicha, haftasiga uch-to‘rt stakan gazlangan ichimlik ichuvchi kishilar orasida o‘lim holati bu ichimliklarni umuman iste'mol qilmaydiganlarga nisbatan 6%ga ko‘proq kuzatilgan. Bunday ichimliklarni har kuni kuniga bir stakan iste'mol qilish erta o‘lim holatini 14%ga hamda ikki va undan ortiq stakan iste'mol qilish 21%ga oshirishi aniqlangan.

Top