Joriy yilning noyabr oyida hukumatning 2024 yil 1 apreldan boshlab o‘z tarkibida shakar bo‘lgan ichimliklar uchun aksiz solig‘ini joriy etish rejalari juda ko‘pchilik tadbirkorlarni hayratiga sabab bo‘ldi. O‘zbekiston alkogolsiz ichimliklar va sharbat ishlab chiqaruvchilar uyushmasi ijrochi direktori, xalqaro munosabatlar va Yevropa tadqiqotlari fanlari magistri Alfiya Musina bu holat qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida so‘zlab berdi.

Alfiya Musinaga ko‘ra, alkogolsiz ichimliklar va sharbatlar ishlab chiqaruvchilari shakar iste’molini kamaytirish, qandli diabet va ortiqcha vaznga qarshi kurashishga qaratilgan barcha rejalarni mamnuniyat bilan qabul qiladi. Ammo tabiiy savol tug‘iladi: nega bunday muhim hujjatni tayyorlashda va aholi salomatligini yaxshilash bo‘yicha jiddiy maqsadlarni qo‘yishda Murojaatnoma mualliflari soha vakillari bilan hech qanday muloqot olib borishmagan? Tegishli mutaxassislar bilan maslahatlashuvlar o‘tkazilmagan, turli mamlakatlar tajribasi chuqur o‘rganilmagan. Hech kim bu masalani tadbirkorlar bilan muhokama qilishni xohlamadi.

Musinaga ko‘ra, o‘rnatilgan aksiz solig‘i shakar iste’molini kamaytirmaydi, shunchaki ortidan og‘ir iqtisodiy oqibatlarni keltirib chiqaradi — narx oshadi va ko‘plab investitsiyaviy dasturlarning qisqarishiga olib keladi. Narxlarning oshishi esa oxir oqibatda hammasi yana xalqning cho‘ntagiga qo‘shimcha xarajat bo‘ladi.

Mazkur aksiz solig‘i joriy qilinsa, sog‘lom turmush tarziga aniq yordam beradimi?

Murojaatnomaning “Gazlangan ichimliklarga aksiz solig‘i” masalasi ikkita xatboshidan o‘rin olgan:

“Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tarkibida shakar bo‘lgan salqin ichimliklar va boshqa turdagi shirinlashtiruvchi moddalar uchun qo‘shimcha soliq joriy etish bo‘yicha tavsiyasidan kelib chiqib, 2024 yil 1 apreldan boshlab tarkibida shakar bo‘lgan gazlangan ichimliklarga 1 litr uchun 500 so‘m aksiz solig‘i joriy etiladi. Mazkur aksiz solig‘i bo‘yicha tushumlarni to‘liq hajmda Tibbiyotni rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkazish taklif etilmoqda”.

Aslida esa, JSST tavsiyasida "boshqa turdagi shirinlashtiruvchi moddalar" haqida bir so‘z aytilmagan, faqat shakar haqida gapirilgan. Shakarni me’yoridan ortiq iste’mol qilish millat salomatligiga jiddiy zarar yetkazadi va sog‘liqni saqlashga yukni oshiradi. Ammo Assotsiatsiyadan statistik ma’lumotlar so‘ralganda, O‘zbekistonda shirin gazlangan ichimliklar bozori rivojlanish bosqichida ekanligini, aholi jon boshiga qo‘shni Qozog‘istonnikidan ikki baravar kamligini ko‘rsatadigan raqamlarni keltirgan. O‘zbekistonda salqin ichimliklar iste’moli aholi jon boshiga 2,8 milliard litrni, Qozog‘istonda esa 3,1 milliard litrni tashkil etadi. O‘zbekiston an’anaviy ravishda choy mamlakati hisoblanadi.