Qashqadaryo viloyat markazi — Qarshi shahridan tahririyatimizga kelib tushgan murojaatni o‘rganish uchun shaharning «Qarshi» mahallasiga yo‘l oldik.
Bu yerda o‘tgan, aeroportga eltuvchi Maxtumquli ko‘chasi bo‘yida zamonaviy ko‘p qavatli turar joylar barpo etilgan. Turarjoylar barpo etilish asnosida aholining bir qavatli turar joylari «snos» qilingan va ularga Shoyxo‘ja massividan yer uchastkalari ajratilgan va kompensatsiya to‘lovlari to‘langan.


Biroq ishlar oxirigacha yetmay qolgan. Bizga hikoya qilib berishlaricha, ikkita uy «snos»ga tushgani bilan ular haligacha buzilmasdan, baholangan kompensatsiya pullarini ololmasdan turishibdi. Xonadonda yashovchilarga mikrofon tutganimizda ular o‘z dardlarini shunday bayon qilishdi:

«Uch yildan buyon bizning Qarshi shahri Ipak yo‘li ko‘chasida joylashgan «snos»ga tushgan uyimiz uchun kompensatsiya pulimizni berishmaydi. Qurilish va ta'mirlashga ixtisoslashgan «Qurbonov Vahob G‘aniyevich» xususiy korxonasi bu joyda ko‘p qavatli turar uy-joylar qurgan. Bizlarning xonadonlarimiz o‘rnida bolalar maydonchasi tushishi kerak. Biroq bizning uylarimiz buzilmasdan qolib ketdi. Holbuki Qarshi shahar hokimligi buziladigan uylarimiz o‘rniga Shoyxo‘ja massividan yer maydonlari ajratib berishgan. Uch yildan buyon na yangi uy qura olamiz, na bu eskisini ta'mirlay olamiz», — dedi Muqaddas Rayimova.

«Uylarimiz atrofida qurilish ishlari amalga oshirilgani bois uylar chuqurlikda qolib ketdi. Gaz, svet, suvdan uzilgan. Yomg‘irli kunlarda hovlilarimiz, uylarimiz ichi suvga to‘lib ketdi. Bu uyda uchta ovsin oilamiz bilan istiqomat qilamiz. Sovuq kunlarda juda-juda qiynalyapmiz. Quruvchi garchi sudda bizga to‘rt marta yutqazgani bilan, hanuzgacha kompensatsiya pulimizni bermasdan, turar joy uchun bolalar maydonchasi qurmasdan hammani sarson qilib yuribdi. Chopa-chop qilganimizdan so‘ng 60 milliondan ziyod pul plastik kartochkaga tushirib berildi. Yana 100 milliondan ortiq mablag‘imiz turibdi. Lekin bu uyimizning uch yil oldingi narxlarda baholangan narxi. Bugungi kunda bu pullarga hech narsa qilib bo‘lmaydi», — dedi Shohista Shomamatova.
















