Snouden: Agar Rossiya razvedkasi bilan hamkorlikka rozi bo‘lganimda, saroyda yashayotgan bo‘lardim
AQSh maxsus xizmatlarining sobiq xodimi, Rossiyada boshpana so‘ragan Edvard Snouden AQShga qaytishga va sud oldida javob berishga tayyorligini, biroq sud jarayoni adolatli va xolis bo‘lishi kerakligini aytdi.
Snouden National Public Radio radiostansiyasiga bergan intervyusida sud hakamlariga nima uchun jurnalistlarga maxfiy axborotni taqdim qilgani haqida so‘zlab bermoqchiligini aytgan. Uning aytishicha, hakamlar u to‘g‘ri yo‘l tutgan-tutmaganini baholash uchun u oshkor qilgan maxfiy ma'lumotlarni ko‘zdan kechira olishlari kerak.
“Agar hakamlar biror ma'lumotni oshkor qilish to‘g‘ri bo‘lgani yoki yo‘qligini baholay olmasalar, sizda ma'lumotni oshkor qilish bo‘yicha adolatli sud taftishi bo‘la olmaydi”, deb aytgan Snouden.
Maxsus xizmatlarning sobiq xodimi Rossiyadagi hayotni o‘zi tanlamaganini aytgan. U 27 ta davlatda, jumladan Germaniya va Polshada boshpana so‘ragan, biroq bu davlatlar Moskvadan farqli ravishda, AQSh tomonidan javob choralari ko‘rilishidan qo‘rqishgan.
Uning aytishicha, Rossiya razvedka xizmatlari unga hamkorlikni taklif qilishgan, biroq u buni rad etgan va agar rozi bo‘lganda unda aeroportda o‘tkazgan 40 kun o‘rniga “birinchi kuniyoq u yerni limuzinda tark etib, hozirda saroyda yashayotgan, uning sharafiga esa Qizil maydonda paradlar o‘tkazilayotgan bo‘lardi”.
Snouden 2013 yilda The Washington Post va The Guardian nashrlariga AQSh va Britaniya maxsus xizmatlarining internetda kuzatuv olib borish dasturlari haqidagi maxfiy axborotni bergan. U dastlab Hongkongga, so‘ngra Moskvaga uchib, u yerda Sheremetevo aeroportining tranzit hududida ma'lum vaqt qolishiga to‘g‘ri kelgan.
Rossiya Snoudenga AQShga qarshi faoliyatini to‘xtatishi kerakligi sharti bilan bir yilga boshpana bergan. 2014 yil avgustda u nafaqat Rossiya bo‘ylab, balki xorijga sayohat qilishga imkon beruvchi 3 yillik yashash huquqini olgan. 2017 yilda ushbu huquq yana 3 yilga uzaytirilib berilgan.
Mavzuga oid
23:22 / 22.11.2024
KXDR o‘z askarlarini Ukraina urushiga yuborgani evaziga Rossiyadan havo hujumidan mudofaa vositalarini olgan
22:51 / 22.11.2024
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
21:54 / 22.11.2024
«Krepkiy oreshnik»: Putin tutib qolish imkonsiz ekanini aytgan yangi raketa haqida nimalar ma’lum?
21:25 / 22.11.2024