Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekistonda raqs san'ati sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabini O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasiga aylantirish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanishi mumkin.

Akademiya Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Yusuf Xos Hojib ko‘chasi 103-uyda joylashtiriladi.

Quyidagilar O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasining asosiy vazifalari etib belgilanadi:

raqs san'ati bo‘yicha yuqori malakali bakalavr va magistrlarni, shuningdek, ushbu sohada chuqur tadqiqotlar olib boruvchi ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash;

yoshlarning raqs san'atiga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish hamda iste'dodini yuzaga chiqarish;

raqs san'ati sohasidagi dolzarb mavzular bo‘yicha xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkazish hamda xorijiy mamlakatlarda bo‘lib o‘tadigan xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlarda ishtirok etish;

kadrlar tayyorlash jarayoniga sohaning yetuk va malakali mutaxassislarni jalb qilish orqali ilm-fan va ta'limning o‘zaro integratsiyasini chuqurlashtirish;

ilmiy-tadqiqotlar natijalari bo‘yicha ma'naviy-ma'rifiy va ilmiy-ommabop adabiyotlarni tayyorlash va nashr qilish;

talaba-yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida mahalliy fondlar va xalqaro grantlar asosida ularning xorijda ta'lim olishi, ilmiy-ijodiy ishlar olib borishini samarali yo‘lga qo‘yish, hamkorlikdagi konsert dasturlarini tashkil etish;

kadrlar ilmiy salohiyatini oshirish, ilmiy-ijodiy faoliyatni yanada rivojlantirish, professor-o‘qituvchilarning ilmiy-ijodiy faoliyati samaradorligi va natijadorligini oshirish, iqtidorli talaba-yoshlarni ilmiy-ijodiy faoliyat bilan ko‘proq shug‘ullanishga keng jalb etish;

har bir yo‘nalish va mutaxassisliklarda tegishli fanlarni xorijiy tajriba, metod va innovatsion yondashuvlar asosida o‘qitishni izchil yo‘lga qo‘yish orqali bitiruvchilarning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini ta'minlash;