O‘zbekistonning Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga qo‘shilish ehtimolini ko‘rib chiqayotgani – yangilik emas. Shu bilan birga, rasmiy doiralarda bu masala hozircha faqat o‘rganib chiqilmoqda, yakuniy qarorga esa hali kelinmagan.
Bu haqda Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Rossiya Federatsiyalar kengashi raisi Valentina Matviyenkoning O‘zbekistonga tashrifi yuzasidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
«Nimaga asoslanib bu haqda birinchi bo‘lib Rossiya tomoni ma’lumot berdi, deyapsiz? 24 iyun kuni O‘zbekiston prezidenti Oliy Majlis Senatidagi chiqishi vaqtida YeOII bilan hamkorlik qilishning imkoniyatlari, plyus va minuslarini, ijobiy va salbiy oqibatlarini ko‘rib chiqish kerakligini aytgan edi.
Qolaversa, O‘zbekiston prezidentining Belarusga rasmiy davlat tashrifi davomida 1 avgust kuni qo‘shma bayonot imzolangan va bu bayonotning 7-bandida tomonlar Belarusning tajribasidan kelib chiqqan holda O‘zbekistonning YeOII bilan hamkorlik qilishi imkoniyatlarini o‘rganish borasida kelishib olishgani qayd etilgan edi.
Bir xillar bu jarayon juda tezlashib ketmayaptimi, deyishmoqda. Yo‘q, O‘zbekistonning yangilangan tashqi siyosatini amalga oshirish boshlanganidan keyin, bilasizlar, O‘zbekiston turli mintaqaviy ko‘p tomonlama tashkilotlar bilan munosabatlarni qaytadan ko‘rib chiqa boshladi. Siyosatlashtirmasdan, mafkuraviy yondashuvdan voz kechib, O‘zbekiston xalqi uchun, O‘zbekistonning milliy manfaatlari uchun qaysi biri to‘g‘ri kelsa, shuni rivojlantirish borasidagi yangi yondashuvlar amalga oshirila boshladi.
Masalan, kuni kecha O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar kengashiga kirish haqida qaror qabul qildi. Mana bugun shu tashkilotning rahbariyati O‘zbekistonga kelyapti. Oktabr oyida O‘zbekiston rahbari Turkiy tilli davlatlar kengashining Bokuda bo‘ladigan uchrashuvida ishtirok etadi va O‘zbekiston bu tashkilotda birinchi marta to‘laqonli a’zo sifatida qatnashadi. 25 yil davomida biz qochib yurgan tashkilotga mana endi kiryapmiz.
Sizlarga axborot berib qo‘yishim mumkin, keyin biz buni boshqa tomondan eshitdik, deb aytmanglar. O‘zbekiston hozir Yevropa Ittifoqi bilan kengaytirilgan hamkorlik haqida kelishuv ustida ishlayapti. Ish muvaffaqiyatli ketyapti. Murakkab ham bo‘lyapti, chunki bu – bizning yangi formatdagi iqtisodiy munosabatlarimiz. Umid qilamizki, yanagi yilning boshida shunday kelishuvga erishamiz. Va bu O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlari yanada kengayishiga olib keladi.
O‘zbekiston oxirgi uch yil davomida Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi bilan munosabatlar masalasini juda ko‘p marta muhokama qilgan edi. Tushunarliki, bu tashkilotga a’zo barcha davlatlarning O‘zbekistondek yirik mamlakatning unga kirishidan manfaatlari bor. Lekin hech qachon bu qandaydir tazyiq, bosim sifatida bo‘lmagan.








