Jamiyat | 10:23 / 09.10.2019
166421
3 daqiqa o‘qiladi

«Straus House» ta'sischisi Ibrohim Isroilov mijozlaridan olgan pullarni nimalarga sarflagani ma'lum bo‘ldi

«Straus House» ta'sischisi Ibrohim Isroilov

Avvalroq «Strause House» MChJ ta'sischisi Ibrohim Isroilov O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan gumon qilinuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinib, unga nisbatan «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi qo‘llangani haqida xabar berilgan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamentidan olingan ma'lumotga ko‘ra, hozirgi kunda «Strause House» MChJ ta'sischisi Ibrohim Isroilovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan ayblov e'lon kilingan. Dastlabki tergov davomida «Straus House» MChJ hisob raqamiga 2018 yilning dekabr oyidan 2019 yilning avgust oyiga qadar mijozlardan jami 15 mlrd. so‘mga yaqin pul mablag‘lari kirim qilingan. Kirim qilingan pul mablag‘larining 4,5 mlrd. so‘m qismi jamiyat ta'sischi I.Isroilovning shaxsiy plastik kartochkasiga qarz sifatida o‘tkazilib, bu mablag‘larning bir qismini muqaddam sodir etgan firibgarlik jinoyati bo‘yicha moddiy zararni qoplashga, o‘zi uchun 1 dona «Malibu 2» va 2 dona «Lasetti» rusumdagi avtomashinalar sotib olishga, Turkiya, BAA, Eron, Tailand, Malayziya, Rossiya Federatsiyasi va Ukraina davlatlariga borib dam olish va o‘zining boshqa ehtiyojlari uchun sarflab yuborgani aniqlangan.

Shuningdek, Ibrohim Isroilovning OAVdagi chiqishlaridan birida «Straus House»ning karantin zonasida 5 ming dona tuyaqush jo‘jalari saqlanayotgani haqida xabar bergan. O‘rganishlar natijasida ushbu ma'lumotlar o‘z tasdig‘ini topmagan. Mavjud 500ga yaqin jo‘jalar O‘zbekistonda tuyaqush yetishtiruvchi korxonalardan olingani ma'lum bo‘lgan. Kompaniya ta'sischisining kelasi yillarda eksport qilishni rejalashtirayotgani haqidagi va'dalari bo‘yicha ham tekshiruvlar o‘tkazilgan. Biroq o‘rganishlarda kompaniya bunday (eksport) salohiyatga ega emasligi aniqlangan.

Olib borilayotgan dastlabki tergov jarayonlarida I.Isroilov tomonidan jinoiy yo‘llar bilan qo‘lga kiritilgan mablag‘lar evaziga sotib olingan avtotransport vositalari, ko‘chmas mulk obektlari va qimmatbaho buyumlarni aniqlashga qaratilgan tadbirlar amalga oshirilmokda, ularning barchasi jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy va ma'naviy zararlarni qoplashga qaratiladi.

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha «Straus House» MChJ moliyaviy xo‘jalik faoliyati yuzasidan tekshirishlar o‘tkazilmoqda. Dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda. 

Mavzuga oid