Bugun, 10 oktabr kuni Olimpiya shon-shuhrati muzeyida O‘zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi tomonidan Rossiya Federatsiyasining Yekaterinburg shahrida bo‘lib o‘tgan boks bo‘yicha jahon chempionati g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash hamda ularga partiyaning a'zolik guvohnomalarini topshirish tadbiri o‘tkazildi.

Tadbirda ishtirok etgan Kun.uz muxbiri partiya rahbari Alisher Qodirovdan so‘nggi vaqtlarda ko‘pgina muhokamalarga sabab bo‘layotgan – O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilish yoki qo‘shilmaslik masalasi, bu tashkilotning biz uchun o‘ziga xos «minus» va «plyus»lari, shuningdek, partiyaning bu boradagi tutgan pozitsiyasi haqida kichik intervyu oldi.

— Alisher aka, dastlab Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi haqida gaplashsak, bu tashkilot o‘z a'zolariga nima beradi?

— Bu tashkilot o‘z nomi bilan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi va tashkilotda iqtisodiy masalalar birlamchi bo‘lishi kerak. Tashkilot o‘zining bosh tashabbuskori – Rossiya Federatsiyasi va uning atrofidagi mamlakatlarning (sobiq ittifoq mamlakatlari) iqtisodiy manfaatlarini muvozanatlashtirish maqsadida tashkil qilingan. Lekin negadir, iqtisodiy tahlilchilar va siyosatchilar mazkur ittifoqni iqtisodiydan ko‘ra, ko‘proq uzoq muddatli siyosiy maqsadlarni ko‘zlagan ittifoqqa o‘xshatishadi.

Keling, ochiqcha gaplashaylik, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi – nomi bilan iqtisodiy bo‘lgan, ammo ortida yashirin siyosiy maqsadlarni ham ko‘zda tutgan tashkilot. Buni bugun hech kimdan yashirib bo‘lmaydi. Bunday holatlarni tarixda o‘zbek xalqi ko‘p bora boshidan o‘tkazgan va yetarlicha xulosalar qilib olgan, deb o‘ylayman. 

— To‘g‘ri aytasiz. Ayrim iqtisodchilarimiz «Bu tashkilot faqat iqtisodiy ittifoq va unga qo‘shilishdan xavotirga tushish kerak emas», deyishmoqda. Lekin har qanday iqtisodiy aloqa aslida siyosiy-ku.

— Albatta, siyosatga borib taqaladi. O‘zbekiston shu paytgacha ikki tomonlama aloqalar orqali o‘z manfaatlarini himoya qilgan. Bu yerda yana bir narsani tan olish kerak, shu paytga qadar bizda iqtisodiy manfaatlarni himoya qilishda parlamentning roli juda zaif bo‘lib kelgan. Juda ko‘p davlatlarda iqtisodiy manfaatlar kuchli parlamentlar va parlamentlararo munosabatlar orqali himoya qilinadi. Bizdagi parlament ushbu masalalarda juda zaif harakat qilgan.