Kun.uz’ga Andijon viloyat travmatologiya va ortopediya shifoxonasining bir guruh shifokorlari murojaat qilishdi. Murojaatda ular faoliyat yuritayotgan shifoxona bir muddat avval viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi balansida «nol» qiymatda tadbirkorga berib yuborilgani, orada noqonuniy ravishda bino ijara shartnomasi tuzilgani va boshqa muammolar keltirilgandi.
Jurnalistik surishtiruvni travmatologiya va ortopediya shifoxonasining bosh shifokori o‘rinbosari Hamidullo Zokirovdan izoh olish bilan boshladik.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2018 yilning yanvarida viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov rahbarligida tadbirkorlar bilan majlis o‘tkazilgan. Majlisda yuz foiz o‘zi topgan mablag‘ hisobidan kun kechirayotgan shifoxonalar Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida xususiylashtirilayotgani ma'lum qilingan. Viloyat hokimi mas'ullarga shunday shifoxonalardan biri bo‘lgan viloyat travmatologiya va ortopediya shifoxonasini tadbirkor Hadyatillo Niyozovga berish bo‘yicha taklif tayyorlashni vazifa qilib yuklagan. Majlisda H.Niyozov so‘zga chiqib, 3,5 milliard so‘m mablag‘ evaziga hududda yangi 3 qavatli shifoxona binosi qurish orqali 300ta yangi ishchi o‘rni yaratishga va'da bergan. Biroq va'dalar to‘liq bajarilmagan.
«2018 yilning fevral oyida buzish ishlariga ruxsati bo‘lmay turib, bir qavatli binomizni buzib tashladi. Buni suratlar, keyinchalik texnik ko‘rik uchun o‘tkazilgan summa va buzib bo‘lingach olingan buzishga ruxsat beruvchi hujjatlar sanasi tasdiqlaydi.


Kadastr hujjatlarida bino egasi bizning shifoxona bo‘lishiga qaramay, binoning yerto‘la qismini ijaraga berish bo‘yicha «Andijon viloyat davlat mulkini ijaraga berish markazi» davlat unitar korxonasi, Andijon viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi va «Ko‘p tarmoqli travmatologiya va ortopediya shifoxonasi» MChJ o‘rtasida uch tomonlama ijara shartnomasi tuzilibdi. Shartnoma noqonuniy bo‘lgani bois keyinchalik bekor qilindi.
Shu bilan birga, binoning talabga javob bermaydigan va foydalanish mumkin bo‘lmagan pastki qismidan foyda topish maqsadida uni ta'mirlab foydalanishni boshlagan. Qurilish, buzish va ta'mirlash ishlarini nazorat qiladigan tashkilotlarga murojaat qilganimizda tadbirkor ulardan tegishli ruxsatlarni olmasdan buzish va ta'mirlash ishlarini boshlagani ma'lum bo‘ldi. Bino poydevoridan teshiklar ochilgan. Kuchliroq zilzila bo‘lsa, 3 qavatli bino qulab tushishi hech gap emas. Zararini kim to‘laydi?», deya ma'muriyat nomidan e'tirozlarini bildirdi bosh shifokor o‘rinbosari.


















