Oʻzbekistondagi birinchi pulli foydalanishga tayyor: Urganch–Xiva trassasidan yurish qanchaga tushadi? Prezidentning tadbirkorlar bilan muloqoti: biznesni qiynayotgan qaysi muammolarga yechim berildi? Nasiya savdo boʻyicha yangi qoidalar: nimalar oʻzgaradi va bu oʻzgarishlar kimga taalluqli? Shuhrat Abdurahmonov yana “tilla baliq”qa aylandi: uning hotamtoyligi qaysi mablagʻga asoslangan?

Ortda qolayotgan haftaning Oʻzbekiston hayotiga oid asosiy mavzulari – Kun.uz dayjestida.

Xorazmda yangi trassa, yangi temiryoʻl va yangi aeroport

Oʻzbekistondagi birinchi pulli yoʻl qurib bitkazildi. Urganch–Xiva trassasi 25-avgust kuni ochilishi kutilyapti. Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi xabariga koʻra, 35 kilometrlik yangi magistralning boshidan oxirigacha harakatlanish narxi yengil mashinalar uchun 25 ming soʻm deb belgilangan. Turkmanli mahallasidan Xivagacha boʻlgan 28 kilometrlik qisqaroq masofa toʻlovi esa 20 ming soʻmni tashkil etadi. Yoʻl haqini toʻlash uchun toʻlov punktida toʻxtash shart emas – toʻlovlar uzsent.uz sayti yoki mobil ilova orqali amalga oshiriladi.

Maʼlum qilinishicha, pulli yoʻlni tanlash haydovchiga bepul yoʻldagi 45-50 daqiqalik masofani 15-20 daqiqada bosib oʻtish imkonini beradi. Chunki u yerda chorrahalar yoʻq, ruxsat etilgan maksimal tezlik esa burilish joylarida soatiga 130 km, boshqa joylarda soatiga 150 km. Tezlikni 40 km/soatdan pasaytirish, toʻxtash va qayrilib olish taqiqlangan. Avtomagistralda piyodalar, velosipedlar, skuter va mopedlar hamda tirkamali transport vositalari harakatlanishi mumkin emas. Yuk mashinalariga ikki tasmali bu yoʻlning faqat oʻng tasmasida harakatlanishga ruxsat beriladi.

Hafta boshida Xorazmga tashrif buyurgan prezident Shavkat Mirziyoyev avvaliga Urganchdan Xivaga yangi qurilgan temiryoʻlda bordi, ortga qaytishda esa pulli avtomobil yoʻlidan yurdi