Bu haqda Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»da qayd etilgan. Strategiya 23 oktabr kuni prezident imzolagan farmon bilan tasdiqlandi.
Strategiyaga asosan, ekinlarni davlat tomonidan joylashtirish amaliyotiga chek qo‘yishdan oldin – 2022 yil III choragida – qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini intensifikatsiya qilishni rag‘batlantiruvchi qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash tizimiga to‘liq o‘tiladi.
Bundan avval, ya'ni 2021 yilda:
– agrosanoat majmuida davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqiladi;
– fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlovchi korxonalarga moddiy-texnika resurslarini yetkazib berish va xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi nostrategik davlat korxonalari xususiylashtiriladi;
– davlat kredit mablag‘lari hisobiga moddiy-texnika resurslari yetkazib berish va xizmatlar ko‘rsatish amaliyotidan voz kechiladi;
– agrosanoat majmui sub'yektlari o‘rtasidagi savdo munosabatlarining barqaror rivojlanishiga ko‘maklashish uchun standartlashtirilgan bo‘nak shartnomalari tajriba sifatida joriy etiladi.







